O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Sh.Sharahmetov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbonov Bo‘zatov tumanidagi «Bo‘zatov» posyolkasi aholisi hayoti bilan tanishdi.
Tor soha mutaxassislari – okulist, kardiolog, xirurg, akusher-ginekolog, pediatr, nevrolog, terapevt, rentgenolog, UDT shifokori va dermatovenerolog tomonidan instrumental tekshiruvlar, EKG, UDT, ko‘chmali rentgen yordamida 350 nafardan ortiq fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 49 nafarida turli darajada kasalliklar aniqlanib, 15 fuqaroga Respublika davolash profilaktika muassasalariga va tuman tibbiyot birlashmasiga statsionar sharoitda davolanishi uchun yo‘llanmalar va 91 nafar fuqaroga esa ambulator sharoitda davolanishi uchun tavsiyalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Cog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mutasaddilar, shuningdek, posyolka fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi va ahvoli og‘ir bemorlarning uyiga borib, holidan xabar oldi. Ularga Toshkent va Nukus shaharlarida davolanishiga yordam beriladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: “Bo‘zatov” posyolka fuqarolar yig‘ini Bo‘zatov tumani markazida joylashgan bo‘lib, hududda 8 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shundan 2 ming 617 nafari 18 yoshga to‘lmagan bola, 6 ming 190 nafari 18 yoshdan yuqori yoshdagilar, 774 nafari tug‘ish yoshidagi ayol, 213 nafari esa nogironligi bo‘lgan fuqarolardir.
O‘zA