Poytaxtimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda YUNISEF hamkorligida “Bolalar ombudsmani to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Renata Vinter hamda mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlash uchun mas’ul tegishli davlat organlari va idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan. Bu bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda juda ham muhim siyosiy qarordir.

“Bolalar ombudsmani to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasining asosiy maqsadi Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman institutini tashkil etish va uning faoliyati bilan bog‘liq jamoatchilik bilan aloqalarni tartibga solish, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasida bolalar va yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi boshqa xalqaro hujjatlarning qoidalarini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Mazkur qonunning ijrosi bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini qonuniy himoya qiladi. Imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashadi.

Bolalar ombudsmani O‘zbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, bola manfaatlarida harakat qilayotgan tashkilot va shaxslarning shikoyatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi.

Shikoyatlar Bolalar ombudsmaniga davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola huquqlari buzilganligi ma’lum bo‘lgan holda bevosita bolalar, ularning qonuniy Bolalar ombudsmanlari, oila a’zolari, vasiylik va homiylik organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, bolalar va yoshlar tashkiloti, boshqa shaxslar tomonidan berilishi mumkin.

Bolalar ombudsmaniga berilgan shikoyatlar uchun davlat boji undirilmaydi.

Xorijiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, Bola huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan ombudsmanlar faoliyati bola manfaatlari yo‘lida davlat boshqaruvini takomillashtirish, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qoidalarini qonun hujjatlariga va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish, bolaning shaxsiga hurmatni kuchaytirish, jamoatchilik ongi darajasini oshirish, davlat tuzilmalari tomonidan, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaning sha’ni va qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy hamda eng ustun manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Mazkur hujjat ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi.

– “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda bolalar huquqlarini ilgari surishdagi muhim qadamdir, – deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Qonun qabul qilingach, u Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq O‘zbekistondagi bolalar, ayniqsa, himoyaga eng muhtoj bolalarning huquqlarini yanada mustahkamlashga ko‘mak beradi. Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun biz javobgarmiz. Ushbu qonunning qabul qilinishi esa mana shu muhim vazifani amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Ta’kidlash lozimki, BMTning Bola huquqlari qo‘mitasi va boshqa inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi shartnomaviy organlari tomonidan olib borilgan bolalar huquqlarining xalqaro monitoringi O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishni samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi bilan bog‘liq qator muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

Xalqaro konferensiyada bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro institutlarning tajribasini o‘rganish va Bola huquqlari bo‘yicha vakilning O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy asoslarni yaratish yuzasidan fikr almashildi.

 

Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA