Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov va boshqalarning ta’kidlashicha, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish yuzasidan o‘tgan yil mobaynida muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, nazorat tadbirlarida asosiy e’tibor aholini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari, qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash, voyaga yetmaganlarning huquqlarini muhofaza qilishga oid qonun hujjatlarining ijrosiga qaratildi.
Jumladan, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarning to‘liq hisobga olinishi, profilaktik tadbirlarning haqqoniy o‘tkazilishi, jinoyatlarni aniqlash, fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv ishlar samaradorligini oshirish, dastlabki tergov va surishtiruv ishlarining qonuniyligi va to‘liq amalga oshirilishi yuzasidan doimiy prokuror nazorati o‘rnatilishi ta’minlandi.
O‘tgan yil mobaynida prokuratura organlari tomonidan qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra 5 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llash orqali qonunbuzilish holati bartaraf etildi. Protest keltirish yo‘li bilan mansabdor shaxslarning qonunga zid bo‘lgan 2 mingdan ortiq huquqiy hujjati qonunga muvofiqlashtirildi.
Prokuror tekshirishlari va jinoyat ishlari tergovi davomida yetkazilgan 1 milliard 223 million so‘mlik zarar ixtiyoriy undirilishi ta’minlandi. Shuningdek sudlarga 670 million so‘mdan ziyod zararni undirish to‘g‘risida 28 ta da’vo ariza kiritilib, 7 ming nafardan ziyod fuqaroning huquqi tiklandi.
Prokuratura organlari tomonidan jami 1531 ta tadbirkorlik sub’ektiga 61 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i, 863 gektarga yaqin yer maydoni, 17 ta bo‘sh bino ajratilishida va boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatildi. Ushbu yo‘nalishda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida, 302 nafar tadbirkor faoliyatiga bo‘lgan to‘sqinlik holati aniqlanib, bartaraf etildi.
Prokuratura organlari faoliyatining asosiy qismiga aylangan sektorlarda 8 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida 8,7 milliard so‘m miqdorida manzilli yordam ko‘rsatildi. Shular qatorida, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 9 ming nafardan ortiq ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Kengaytirilgan hay’at majlisida o‘tgan yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA