Prezidentimiz raisligida kuni kecha – 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish, sifat jihatdan takomillashtirish, tarbiyaviy chora-tadbirlarni yanada kengaytirish bo‘yicha boshqa sohalar qatori oliy ta’lim muassasalari vakillari uchun ham muhim vazifalar belgilab berildi.

Ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talabiga muvofiq emasligi, har bir sohada tarbiyaviy tadbirlar mazmunan eskirgani, yoshlar tarbiyasini mustahkamlash yo‘nalishidagi ishlarni tanqidiy-tahlil qilgan holda ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, talabalarning 5 ta muhim tashabbus doirasidagi tadbir va loyihalarda faol ishtirokini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni har galgidan kuchaytirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xodimlarning mas’uliyatini oshirishga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim.

Bugun yoshlarimiz kechagidek emas, fikrlashi va dunyoqarashi ham o‘zgacha. Shu ma’noda bugun o‘z farzandlarimiz, talaba-yoshlarimizning ongu shuurini, tarbiyaviy ehtiyojlarini, dunyoqarashi rivojlanishi bilan kechuvchi chanqog‘ini mobil telefon va internet tarmog‘idan qondirishining oldini olish, ular istagani kabi zamonaviy tarbiya kontentlari va ma’naviy-ma’rifiy maydon yaratish ishlariga har bir ziyoli mas’ul ekanligi, ushbu yig‘ilish kun tartibida alohida masala bo‘ldi.

Bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida “Bir ziyoli bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi oliy ta’lim muassasalariga alohida mas’uliyat yuklaydi va ziyoli qatlam vakillariga bildirilgan ishonchni nazarda tutadi.

Prezidentimiz ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ish tashkil etish mexanizmlarini bugungi kun talabiga mos tarzda bo‘lishini ta’minlash va eng muhimi, o‘zaro ijtimoiy hamkorlik asosida aniq manzilli chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdi.

Tanqidlardan kelib chiqib, endilikda Namangan davlat universitetida ham yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Barcha imkoniyat va kuchimizni yaxshi mutaxassislarni tayyorlashga sarflaymiz.

Yig‘ilishda e’tibor qaratilgan eng muhim masalalardan biri bu, yoshlarimizga zamonaviy ta’lim-tarbiya bilan birgalikda qon-qonimizga singib ketgan muqaddas dinimizning mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish va ezgu g‘oya asosida tarbiyalash masalasi bo‘ldi. Zotan, bugun har bir yoshni muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalari asosida, milliy qadriyatlar va keksa nuroniylarimizning pand-nasihati quvvati bilan tarbiyasiga e’tibor qaratishni dolzarb deb bilsak, ertangi kunda milliy ma’naviyatimizning mustahkamligi, yosh avlodning teran fikr va yuksak namunadagi tarbiya egasi sifatida komil inson bo‘lib ulg‘ayishidagi ishlarimiz o‘z samarasini beradi.

Narimon Dehqonov,

NamDU Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor.

O‘zA