Ba’zi hollarda talabalar akademik ta’til olishiga to‘g‘ri keladi. Bunda talaba vaqt o‘tib, o‘qishini tiklashi mumkin. Endilikda bu borada ham o‘zgarishlar, qulayliklar bo‘lishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilganidan xabaringiz bor.
Farmon loyihasiga ko‘ra, akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkazilib (agar oliy ta’lim muassasasida bunday ta’limning shakllari mavjud bo‘lsa), ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Bu bo‘yicha talablar va vazifalar belgilangan qaror qabul qilinadi.
Oilasining betob a’zosini parvarish qilish sababli an’anaviy shakldagi ta’limni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan talabalarga ham akademik ta’til olish huquqi beriladi. Talabalarga o‘qish davomida akademik ta’til berilishi bo‘yicha miqdoriy cheklovlar, akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.
Ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Bunda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.