voha-tv.uz saytida e’lon qilingan “Korrupsiyada ayblangan 32 yillik shifokor yoxud Yakkabog‘ tibbiyot birlashmasidagi vaziyatlar” sarlavhali videomurojaatda Yakkabog‘ tumani markaziy shifoxonasi tug‘ruq bo‘limi anesteziolog-reanimatolog vrachi Mehriniso Nomozova o‘zining nohaq korrupsiyada ayblangani, xizmat paytida koronavirus yuqtirib olgani, ammo davolanish jarayonida unga e’tibor qaratilmagani, tegishli rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmaganligi, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Oysanam Boboqulova tomonidan xodimlarni ishga olish va boshqa holatlarda ta’magirlikka yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum qilingan.
Aniqlanishicha, ayni paytda murojaat muallifi Mehriniso Nomozovaning ustidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va mazkur ish sudda ko‘rilmoqda.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov ma’lum qildi.
Mehriniso Nomozovaga o‘zi da’vo qilayotgan tizimdagi korrupsiya holatlari yuzasidan tegishli dalillarni taqdim etgan holda huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, aniqlanishicha, Mehriniso Nomozova bevosita koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bemorlarni davolash ishlariga rasman jalb etilmagan, yopiq karantin tartibida ishlamagan. Shu sababli unga rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lash ko‘zda tutilmagan.
Mehriniso Nomozova 2020 yil 2 sentyabrda “COVID-19” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilib, kasallik varaqasi yuritilgan, davolanishi jarayonida tegishli talablar darajasida sharoitlar yaratilgan.
Shu o‘rinda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’muriyati mazkur intervyularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganvoha-tv.uz saytiga ham tegishli tartibda asoslantirilmagan, ishonchli bo‘lmagan, to‘g‘riligi tekshirilmagan, aniq dalillarga tayanilmagan yoxud yolg‘on ma’lumotlarni OAV yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish qonun talablariga zid ekanligini, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanishini eslatib o‘tadi.