O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar majmuasining konferens-zalida Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchi yozuvchi Ismat Kuchiyevning “Sharaf Rashidov: POBEDITEL” (“Sharof Rashidov: G‘OLIB, MUZAFFAR”) nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Sharof Rashidov bilan birga ishlagan uning shogirdlari, mehnat faxriylari, shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Sharof Rashidovning qizi Gulnora Rashidova ham bor edi.

Sharof Rashidovning ijodi va faoliyatini yaxshi biladigan, 70-yillar oxiri 80-yillar boshidagi uning dramatik hayotidan xabardor bo‘lgan asar muallifi, shoir, yozuvchi, jamoat arbobi Ismat Kuchiyev asarning yaratilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Muallif, shuningdek, Sh.Rashidov faoliyati bilan bog‘liq ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan voqealar haqida gapirib berdi.

So‘zga chiqqan arxitektor Sergo Sutyagin, taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev, tarixchi olima Zamira Eshonxo‘jayeva va boshqalar Sharof Rashidovning nomi O‘zbekistonda yanayam ulug‘lanayotganligini aytib, Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati yana qanchadan-qancha asarlarga mavzu bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Taqdimotga kelganlar muallifni va o‘zbek kitobxonlarini yangi asar bilan qutlab, kitob birinchi ishonchli manbalarga asoslangan jiddiy ilmiy-tarixiy tadqiqot ekanligini qayd etdilar, uni o‘zbek tilida chiqarish fikrini qo‘llab-quvvatlashdi.

Rejissyor Bahodir Odilovning “Sharof Rashidov” nomli hujjatli filmi taqdimot qatnashchilari tomonidan iliq qabul qilindi.

 

I.Abduxoliqov, O‘zA