Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bog‘cha tarbiyalanuvchisining qo‘liga urayotgan ayol tasviri holati bo‘yicha Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasining rasmiy munosabatini Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva O‘zAga taqdim etdi.
Unda qayd etilishicha, joriy yil 17 yanvar kuni maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchining qo‘llari va yuziga ayol kishining urayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, holat Bulung‘ur tumanidagi 13-MTTda sodir bo‘lgan. Ushbu holat 18 yanvar – dushanba kuni Bulung‘ur tumani hokimligi va viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan joyida o‘rganildi.
O‘rganish davomida tashkilot mudirasi Rohatoy Axrorova 2-tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchisi M.Sh.ning ruhiyatiga bosim o‘tkazib, qo‘llari va yuziga urganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu video MTT psixologi N.Atabayeva tomonidan tasvirga olinib, tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga tarqatilgan. Ota-onalar tomonidan video ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.
Voqea sodir bo‘lgan kuni guruh tarbiyachisi Dilfuza Mahkamova soat 12:20 da ishga kelgan. Shuningdek, o‘rganishlar davomida R.Axrorovaning yuragi xuruj qilganligi bois “Do‘stlik” tez tibbiy yordam brigadasi chaqirildi.
R.Axrorova tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shifoxonaga olib ketilganligi sababli ta’lim tashkiloti mudirasi vazifasini vaqtincha bajarish oliy ma’lumotli tarbiyachi Dilrabo Mardiyevaga uning roziligi asosida yuklatildi. Tizimda kelgusida bunday salbiy holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Raxmonov, tuman hokimligi va prokuraturasi bilan birga tuman MTT direktorlari hamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari ishtirokida tushuntirish ishlari olib borildi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan R.Axrorovaga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda “Mehnat shartnomasi”ni bekor qilish choralari belgilab olindi.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Xususan, Sh.M.ning qo‘llari va yuziga urgan holati yuzasidan sudga oid ekspertiza tayinlangan.
Tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tizimga doir xato va kamchiliklar mavjudligi, rahbariy nazoratni susaytirib yuborganligi sababli bo‘lim mudiriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va Maktabgacha ta’lim vazirligiga mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritilgan.