Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida ushbu vazifa belgilangan.
Unga ko‘ra, chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va sayyohlik salohiyatini oshirish jarayonlariga faol jalb qilish rejalashtirilgan.
Loyihada mazkur ishlarni amalga oshirish 2021 yil 10 may sanasi etib belgilangan. Unga Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan.
Loyihada vatandoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bilan aloqalarni yanada mustahkamlash choralarini ko‘rish va ushbu maqsadga qaratilgan “Vatandoshlar” maxsus jamg‘armasini ta’sis etish rejalanyapti. Shu bilan birga, chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imijini shakllantirish va mustahkamlashga vatandoshlarni keng jalb qilish nazarda tutilmoqda.
2021 yil Davlat dasturi loyihasi 276 ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g‘oya va takliflar hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqildi.