To‘satdan, shov-shuvli tarzda «Paxtakor»ni tark etgan Shota Arveladzedan keyin chempion jamoaga kim bosh murabbiylik qilishi haqidagi turli mish-mishlar rosa urchidi. Nihoyat, bugun klub matbuot xizmati yangi mutaxassis nomini e’lon qildi.

2017 yildan buyon jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan gollandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra endi «Paxtakor» bosh murabbiyiga aylandi. Piter futbolchilik faoliyatida Shotlandiyaning mashhur klublaridan biri «Glazgo Reynjers» sharafini besh mavsum himoya qilib, besh marta chempionlikka erishgani bilan mashhur. Shuningdek, u «Groningen», «Vendam», «Tvente», «Sanfrechche Xirosima», «Lers» va «Rozendal» kabi klublarda o‘ynagan. Niderlandiya, Shotlandiya, Yaponiya va Belgiya chempionatlarida jami 413 bellashuvda 78ta gol urishga erishgan. Gollandiya terma jamoasi tarkibida 1988-91 yillarda 8 o‘yinda maydonga tushgan. Murabbiylik faoliyatini esa 2001 yil «Groningen» yoshlar jamoasida bosh murabbiy sifatida boshlagan. 4 yillik faoliyatidan so‘ng «Vitess» va «Ayaks» klublarida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Keyin «Ayaks» yoshlar jamoasi, «Groningen», «De Graafsxap» klublarida va Indoneziya terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.

Poytaxtning boshqa bir jamoasi «Lokomotiv» esa portugaliyalik murabbiy Mikael Sekeyra bilan kelishuvga erishdi. Shu paytgacha Portugaliyaning «Braga» klubida yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan, 2011 yil UEFA Pro litsenziyasini qo‘lga kiritgan Mikael Sekeyra «temiryo‘lchilar» bilan 2 yillik bitimga imzo chekkan. 47 yoshli murabbiy 2006-2008 yilgi mavsumlarda «Braga» klubining yoshlar jamoasini bosh murabbiy sifatida boshqargan. Shuningdek, 2010-2011 yilgi mavsumda asosiy jamoa bosh menejeri bo‘lib faoliyat yuritgan. 2018-2019 yilgi mavsumda Saudiya Arabistonining «Al Nassr» klubida U-21 jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish bilan birga asosiy tarkibda Rui Vitoriaga yordamchi murabbiy sifatida ish olib borgan. Uning erishgan yutuqlar haqida shuni aytish mumkin, Mikael Sekeyra «Braga» bosh menejeri bo‘lib ishlagan yil jamoa Yevropa Ligasi finalida o‘ynagan. Osiyodagi faoliyatida esa «Al Nassr» bilan Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritgan, qolaversa U-21 jamoasi bilan ham mamlakat birinchiligida zafar quchgan.

Muborakning «Mash’al» klubi ispaniyalik Serxio Marinangeli nomzodida to‘xtaldi.

Ispaniyalik mutaxassis 2015-2017 yillarda Ekvatorial Gvineya terma jamoasida bosh murabbiy Esteban Bekkerga yordamchi bo‘lgan hamda 2015 yilgi Afrika Millatlar kubogida yarim final bosqichigacha olib borib qit’aning kuchli to‘rt jamoasi qatoridan joy olishida katta hissa qo‘shgan.

Mariangeli faoliyati davomida murabbiy sifatida 2014-2015 yillarda Ispaniya chempionatining birinchi ligasi vakili «Eskuyela Futbol Aluche» jamoasida bosh murabbiy, 2016-2017 yillarda Madrid yoshlar jamoasi «Yunion Deportiva Tres Santos» klubida, 2017 yildan bugungi kungacha esa Madrid ligasining «Igletsias La Vid» klubida faoliyat yuritib kelgan. 2019 yilda UEFA Pro litsenziyasini qo‘lga kiritgan. «Real Madrid», «Atletiko Madrid» klublarida malaka oshirgan, shuningdek, APL ishtirokchisi «Lids» klubi bosh murabbiyi Marselo Belsa qo‘l ostida amaliyot o‘tagan.

Oybek YUNUSOV, O‘zA