Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari, yoshlar bilan muloqot qildi.
Poytaxtimizda mahallabay ishlash tizimi barcha tumanlarda joriy etilmoqda. Shu maqsadda maxsus ishchi guruh tomonidan Yunusobod tumanidagi 63 ta mahallaning rivojlanish darajasi, mavjud muammo va imkoniyatlari o‘rganilgani qayd etildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri shu borada axborot berdi.
Yunusobod tumanini 2021-2022 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Sanoat va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish yo‘nalishida umumiy qiymati 14,4 trillion so‘mlik 141 ta yirik va o‘rta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Ular doirasida 936 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirib, qariyb 8 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 1 milliard so‘m subsidiya ajratilib, tumandagi 260 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi. Mehnat organlari yo‘llanmasi asosida 600 nafardan ziyod ishsiz kasb-hunarga o‘qitiladi.
Infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, joriy yilda 75 kilometr issiqlik va 108 kilometr elektr tarmoqlari, 101 ta transformatorda ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. 86 ta ko‘cha kapital ta’mirlanadi.
Yig‘ilishda mahalla raislari o‘z hududidagi muammolarni bartaraf etish, sharoitlarni yaxshilash, yangi korxonalar tashkil qilish bo‘yicha takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari bu bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.