Xitoyning “Sinovac” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina Braziliyada o‘tkazilgan klinik sinovlarda 50,4 foiz samarali ekanini ko‘rsatdi. Bu Braziliya hukumatining kasallik bo‘yicha vaziyat jiddiylashib borayotganini inobatga olgan holda tatbiq etgan ikkinchi vaksinasi edi.
Ayni paytda Braziliya COVID-19 infeksiyasi tarqalishi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallab turibdi, ushbu mamlakatda virusga chalinganlar 8,1 milliondan oshdi.
O‘tgan hafta Butantan instituti tadqiqotchilari Xitoy vaksinasini koronavirusning yengil va og‘ir holatlariga qarshi 78 foiz samarali ekanini ma’lum qilgan.
Ammo seshanba kuni ular emlanganlar orasida klinik yordam talab qilmaydigan yengil yuqumli kasalliklar haqidagi ma’lumotlar mavjud emasligi tufayli vaksina shunday natija ko‘rsatganini tasdiqlashdi. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar qo‘shilsa samaradorlik darajasi 50,4 foizni tashkil qiladi.
Pekinda joylashgan “Sinovac” biofarmatsevtika kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan vaksinaga qator davlatlar buyurtma bermoqda. Ammo uning ta’siri turli davlatlarda turlicha natija ko‘rsatmoqda.
Masalan, o‘tgan oyda turkiyalik tadqiqotchilar “Sinovac” vaksinasi 91,2 foiz samarali deb topgan bo‘lsa, chorshanba kuni ommaviy emlashni amalga oshirgan Indoneziyada 65,3 foiz natijaga erishilgan.