O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan xususiy kadastr muhandisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartiblari, «mahallabay» muammolarni o‘rganish va bartaraf etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2019 yil 5 apreldagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk bo‘yicha xususiy kadastr muhandisi faoliyatini olib borishga ruxsat berilgan.

Egalik huquqi rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulk ob’ektlarining «mahallabay» manzilli ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan Toshkent shahridagi 12 tuman kesimida Kadastr palatasi filiallarida mahallalar bilan ishlashga mas’ul xodim ajratilgan.

Kadastr muhandisi sifatida faoliyat yuritish uchun nomzodga qanday talablar qo‘yilgan? Ushbu savol matbuot anjumani muhokamasida diqqat markazida bo‘ldi.

– Kadastr muhandisligiga nomzod ushbu sohada kamida bir yil stajga ega bo‘lishi, oliy ma’lumotli, ma’lumoti bo‘lmasa, malaka oshirish kursi sertifikatiga ega bo‘lishi kerak, – deydi Davlat kadastrlari palatasi bo‘lim boshlig‘i Sanjar Abdurazzoqov.

– Bu kurslar Kadastr agentligi tomonidan tashkil etiladi. Malaka shahodatnomasiga ega bo‘lishi shart. Shahodatnomaga ega muhandis rieltorlik tashkilotlari bilan mehnat shartnomasi tuzib, faoliyat ko‘rsatadi. U Toshkent viloyati va shahridagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazadi, qavatma-qavat rejalarini tuzadi, kadastr yig‘ma jildini shakllantirib, hisobga qo‘yadi, kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi filialiga taqdim etadi. Kadastr muhandislarining poytaxt va Toshkent viloyatidagi faoliyati 2022 yil 31 dekabrga qadar belgilandi.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA