Qirg‘iz Respublikasi Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi taklifiga binoan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilar Missiyasi 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tgan Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining navbatdan tashqari saylovlari va Qirg‘iz Respublikasi boshqaruv shaklini aniqlash bo‘yicha referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatdi.
Missiyani SHHT Bosh kotibi V.Norov boshqardi. Missiya tarkibidan qonun chiqaruvchi organlar a’zolari, SHHTga a’zo davlatlarning diplomatlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi B.Yunusov ham o‘rin oldi.
2021 yil 10 yanvar kuni Missiya a’zolari soat 08.00da saylov uchastkalariga tashrif buyurdilar, saylov byulletenlarini tayyorlash va avtomatik sanash qurilmalarida byulletenlarni sanash jarayonida qatnashdilar.
Missiya a’zolari Bishkek shahrida joylashgan 50 taga yaqin saylov uchastkasida saylov jarayonini kuzatib bordi. Missiya vakillari tashrif buyurgan saylov uchastkalarida prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari kuzatuvchilari hamda qator xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham xozir bo‘ldilar.
Missiya vakillari ta’kidlashicha, saylovlar saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligi muhitida va fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtirokida o‘tkazildi.