Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tashabbusi bilan davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Murojaatnomadagi ko‘plab masalalar qatori mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga bozor mexanizmlarini joriy qilish hamda kambag‘allikni qisqartirishda kompleks yondashuv masalasi davra suhbatining diqqat markazida bo‘ldi.

Tadbirda joriy yilda kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etish, o‘tgan yildan joriy etilgan “Temir daftar” tizimini yanada takomillashtirgan holda “Ijtimoiy reyestr”ni ishga tushirish va ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

Bunda deputatlar tomonidan aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdorini e’lon qilish jarayoni muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, minimal iste’mol xarajatlar tarkibida nazarda tutiladigan mahsulot va xizmatlar sonini rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha aniq muddatlari ko‘rsatilgan reja asosida amalga oshirish lozimligi bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, yangi ishga tushiriladigan “Ijtimoiy reyestr”ga oilalarni kiritish hamda undan chiqarishning aniq mezonlarini ishlab chiqish hamda ushbu mezonlar asosida hududlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi aytib o‘tildi.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, moliyaviy barqaror bo‘lmagan, foyda o‘rniga zarar bilan ishlayotgan korxonalarga alohida e’tibor qaratish lozim. Ushbu jarayonlarda korrupsion harakatlarning oldini olish muhim hisoblanadi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash zarur.

Davra suhbatida deputatlar tomonidan davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishda moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazish hamda “muvofiqlik tizimi” va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga malakali xalqaro mutaxassislarni jalb etish lozimligi alohida ta’kidlandi.

2021 yilda iqtisodiyotning kamida 5 foizga o‘sishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta’minlashda xukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilishi lozim.

Xalq vakillari tomonidan ayniqsa, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi davlat bilan teppa-teng hissa qo‘shgan tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida, eng avvalo, tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini so‘zsiz ta’minlanishiga, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turini bekor qilish, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalarni soddalashtirish, tadbirkorlarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilishini kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi.

Yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatish faoliyatini o‘zini-o‘zi band qilishga tenglashtirish hamda yakka tartibda tadbirkorlik asosida yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishning osonlashtirilgan tartiblarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Yig‘ilishda Murojaatnomada bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining ishchi dasturi rejasi tasdiqlandi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA