O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat parlamenti – Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi optimistlar niyatiga hamohang yangradi.

Ushbu keng hajmli va mazmunli hujjatda umumiy holatga berilgan baho bilan birga aniq xatti-harakatlar rejasi ham taklif etilgan. Ko‘plab raqam va dalillar tahlil qilinib, eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda foydalaniladigan moliyaviy resurslar miqdori muhokama qilingan. Umumiy baho va alohida qarorlarni birlashtirgan yondashuv qo‘llangani hokimiyat nafaqat mamlakatdagi vaziyatni yaxshi bilishini, balki shahar, qishloq va hattoki, ma’lum bir mahalla darajasida qilinadigan ishlar hajmini ham tushunishidan dalolatdir.

Shaxsan men Murojaatnomaga, avvalo, Shavkat Mirziyoyevning Prezidentligi davrida amalga oshirilgan O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi hujjat va boshqa qarorlar asosini tashkil qilgan tamoyillar nuqtai nazaridan qarashni istardim.

Hukumatning barcha darajalarida qaror qabul qilish jarayonida oshkoralik va shaffoflik talabi, masalalar jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinishi tahlil qilinayotgan hujjatda aniq namoyon bo‘lgan asosiy tamoyildir. Parlament eshituvi, jamoatchilik muhokamasi singari demokratik mexanizmlar keng qo‘llanilishi, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarining ijobiy roli e’tirof etilayotgani,mamlakat aholisining hukumat qarorlari va boshqaruv faoliyatini baholashdagi ishtiroki ko‘plab jiddiy muammolarni chetlab o‘tish, nazariya va amaliyotga o‘z vaqtida zarur tuzatish kiritish imkonini berishi vaqt sinovidan o‘tgan. Bunday siyosat haqiqiy demokratiya uchun sharoit yaratadi, qonun ustuvorligini qaror toptiradi.

Mamlakat siyosiy elitasida ijobiy baho olish, e’tiborni jalb qilish va jamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishga qaratilganiga qaramay, Murojaatnomada jiddiy muammolar ham ochiq bayon qilingan. Jumladan, ishsizlik, yuz minglab aholi (ayniqsa, qishloqlarda) daromadi pastligi, korrupsiya, boshqaruv kadrlari yetarli darajada tayyor emasligi va boshqa kamchiliklar jihatlar haqida so‘z yuritildi. Bu davlatning odamlar bilan halol va ochiq muloqot o‘tkazish niyatida ekanini tasdiqlaydi.

Yana bir masala. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda mamlakat rahbariyati yoshlarga suyanadi. 2021 yil mamlakatda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e’lon qilinishi buni yaqqol tasdiqlaydi. Bu an’ana ilgari nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham qo‘llangan. Ayni siyosatning mohiyati yoshlarning o‘rta va oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalardan chiqqan iste’dodli yigit-qizlarni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bizningcha, mamlakatda tabiiy fanlar bo‘yicha ixtisoslashgan maktablar ochish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi, kelgusi yilda fizika va chet tillarini o‘qitish ta’limning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilanishi o‘ziga xos tanlov.

Murojaatnomada kadrlar tayyorlash sohasida o‘z vakolatlarini tasdiqlagan oliy o‘quv yurtlari avtonomiyasini kengaytirish zarurligi aniq bayon etilgan. 2021 yil mamlakatdagi 30 yetakchi universitet mustaqil ravishda o‘quv rejasi ishlab chiqishi, qabul kvotasini belgilashi va moliyaviy masalalarni o‘zi hal qilishi rejalashtirilmoqda. Oliy ta’lim sohasi vakili sifatida aytamanki, qabul qilingan hujjatda universitetlardagi haddan ziyod byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, hammani charchatgan “qog‘ozbozlik”ni kamaytirish istagi mujassam. Oliy ta’lim muassasalariga ilmiy unvon va ilmiy daraja berish huquqi taqdim etilishi dunyo tendensiyalariga mos keladi.

Murojaatnomaga yuqorida ta’kidlangan ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyili singdirilgan. Yetim bolalar, imkoniyati cheklanganlar va davolanishga muhtoj insonlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi belgilangan. Prezident davlat mablag‘i kamtarona bo‘lgan sharoitda o‘zbek jamiyatining an’anaviy insonparvarligiga murojaat qildi, Bolalarni  qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etish hamda Bolalar ombudsmani to‘g‘risida  qonun qabul qilishni taklif etdi.

Murojaatnomada keltirilgan iqtisodiy blokning mazmuni, ayni yo‘nalishdagi ishlari amalga oshirish istiqboli xorijiy ekspertlar tomonidan hali ko‘p muhokama qilinadi. Bu borada davlatning iqtisodiyotdagi kichik homiyligini kamaytirishga qaratilgan chaqiriq, mamlakatda tovar va moliya bozorida erkin raqobat yaratish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni amalga oshirishi uchun fuqarolarga keng va teng sharoit, imkoniyat yaratish qayd etilgani ahamiyatli.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Murojaatnomada ichki o‘zgarishlarga xalaqit berayotgan tashqi to‘siqlarga ishora yo‘q. Prezident dushman qidirmaydi, aksincha, pandemiya davrida yordam bergan xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, JSST, xorijiy davlatlar rahbarlariga minnatdorlik bildiradi. YeI, xalqaro moliya tuzilmalari bilan munosabatlardagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida qayd etadi. Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston tashqi olamda dushman emas, sherik qidirmoqda!

Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilda belgilangan vazifalarni bajarish oson bo‘lmaydi, degan fikriga ham qo‘shilaman. Shu bilan birga, optimist sifatida, yuritilayotgan siyosat tufayli millionlab xalqingiz farovonligi yuksalishi uchun mehmondo‘st O‘zbekiston kutilgan muvaffaqiyatlarga erishishini tilayman. O‘zbekistonning ijobiy tajribasi o‘tish davrida “to‘xtab qolgan” boshqa mamlakatlar tomonidan, albatta, qo‘llanadi. Bu mamlakatdagi islohotlarning milliy ahamiyatini namoyon etish barobarida, xalqaro darajadagi e’tirofidan ham darak beradi.

 

Viktor SHADURSKIY,

Belarus davlat universiteti

Xalqaro munosabatlar fakulteti professori