“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “UNG Petro” korxonasiga qarashli respublika bo‘ylab joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘idan xarid qilingan neft mahsulotlarining pulini CLICK orqali tez va qulay to‘lash imkoniyati yaratildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.

CLICK orqali to‘lov hozircha faqat jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan. Buning uchun birinchi navbatda smartfon telefonlari orqali “UNG Petro” yoki “Click evolution” ilovasini yuklab olish talab etiladi. Shundan so‘ng ilovaga bank karta raqamlari kiritilib avtorizatsiya qilinadi.

AYOQSHga kirganda haydovchi o‘z avtoulovidan tushmagan holda kalonka oldida “QR kod rasmi”ga smartfonini yaqinlashtirsa, kerakli miqdordagi pul mablag‘lari yechilib, neft mahsuloti quyib beriladi.

Xaridor ilova orqali pul to‘lovi amalga oshirayotgan vaqtda hech qanday komissiyasiz amalga oshiriladi. Ya’ni yaratilgan qulay xizmat uchun xaridordan hech qanday pul mablag‘i yechilmaydi. Vaholanki, boshqa ilovalarda har bir o‘tkazilgan so‘mmadan 1 foiz pul mablag‘i yechilishi nazarda tutilgan.

“UNG Petro”da esa Click ilovasi orqali to‘lov qilgan mijoz hamyoniga har bir to‘lovdan 2 foizgacha pul qaytimi tushirib beriladi. Qaytimlardan yig‘ilgan pulga Click ilovadagi mavjud xizmatlar (kommunal, mobil aloqa va h.k) uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

O‘zA