Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallabay tizimda yo‘lga qo‘yilgan islohotlarning odamlar hayotidagi ifodasini ko‘rish, navbatdagi rejalarni belgilash, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Dastlab davlat rahbari Xonqa tumanidagi innovatsion issiqxonani borib ko‘rdi.
«Red Star Oxus» mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga tashkil etilgan mazkur inshoot shu yil fevral oyida ishga tushirilgan edi. Bu mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, 7 gektar maydonda gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar yetishtirilmoqda.
Issiqxonada Niderlandiyaning «Kubo» kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Ultra clima» nou-xau texnologiyasi keltirib o‘rnatilgan. Buning afzalligi shundaki, issiqlik ventilyator yordamida ultra iqlim zonasiga tortiladi va plastik quvurlar orqali kerakli joyga ehtiyoj darajasida yuboriladi. Ya’ni, harorat butun issiqxonaga emas, balki yetishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yo‘naltiriladi. Bu esa katta miqdorda energiyani tejashga yordam beradi.
Ta’kidlash joiz, bunday “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalar dunyoda 200 gektar atrofida. Shundan 7 gektari O‘zbekistonda.
Yana bir muhim jihati – issiqxona tepasiga quyosh nuriga o‘xshash xususiyatga ega maxsus chiroqlar o‘rnatilgan. Bu fotosintez jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Masalan, plyonkali issiqxonalarda pomidor ko‘chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovatsion issiqxonada bir yil mobaynida mahsulot olish mumkin.
Davlatimiz rahbari aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratdi.
– Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib boryapti. Tashqi bozor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida yetkazib berishni talab qiladi. Shuni taklif qila olgan korxona bozorda o‘rin egallaydi. Bu ish o‘rni va eksportni ta’minlash uchun katta manba, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Issiqxonada jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Birinchi bosqichda 75 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Prezidentimizga istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, loyihaning ikkinchi bosqichida 8 gektar maydonda yana bitta issiqxona quriladi. Uni kelasi yil dekabrda foydalanishga topshirish va yana 150 ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.
– Bu korxona – drayver. Bunday issiqxonalar ko‘payishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham o‘rgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xo‘jaligining kelajagi shu, – dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu majmuani o‘ziga xos maktab sifatida belgilab, tadbirkorlarni o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
– Oziq-ovqat mahsulotlariga birinchi talab – sifat. Shuning uchun har bir issiqxonaning laboratoriyasi, o‘z brendi bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
Shu yerda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sholi ekishda adolatni ta’minlab, aholiga yer maydonlari ajratib berish, shu orqali odamlarni ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha muloqot va sotsiologik tadqiqot natijalari haqida ham ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari har bir yoshning intilishi va qobiliyatini inobatga olib, rejalarini amalga oshirish bo‘yicha bir yillik dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Yantex Invest” korxonasida gazlama ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.
Bu korxona bo‘sh yotgan binolardan samarali foydalanish, ularni xususiylashtirib, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning yaqqol misoli. Mazkur inshoot ko‘p yillar qarovsiz yotgan edi.
2017 yili Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu binoni salohiyatli investorlarga sotish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib mahalliy aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergandi.
Shundan so‘ng “Asaka” bank viloyat hokimligidan binoning 100 foizlik ulushini sotib olib, uni ikki yarim yil ichida to‘liq qurib bitkazdi.
Korxonaga xorijlik investor topish maqsadida Rossiyaning Ivanova oblastida 25 yildan buyon tekstil korxonalari ta’sischisi bo‘lib kelayotgan sarmoyador bilan muzokara olib borildi. Investor korxonaga sarmoya kiritib, bu yerda paxtani chuqur qayta ishlash orqali gazlama ishlab chiqarishga kirishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 16,1 million dollar bo‘lib, korxona sentyabr oyida ishga tushirildi. Jami ish o‘rinlari 250 ta. Shveysariya, Belgiya, Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan to‘quv dastgohlarida ayni paytda 60 nafar xotin-qiz band. Yana 40 nafar ishchini shu yerdagi o‘quv markazida rossiyalik mutaxassislar o‘qitmoqda.
Korxona yiliga 12 million pogono metr gazlama mato va 600 ming komplekt choyshab ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega.
Prezident yangi korxonadagi to‘quv jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash joiz, mamlakatimizda trikotaj ishlab chiqarishga hali bu qadar chuqur yondashilmagan. Tarmoqda samaradorlikni oshirish maqsadida 2016 yilda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha jadal islohotlar boshlangandi. “Yantex Invest” korxonasi bu islohotlarning mevasidir.
Xorazmning o‘zida tayyor gazlama chiqarish samarali ekanini inobatga olib, investor Qashqadaryo viloyatidagi “Oqsaroy Group” kompaniyasi bilan birgalikda “Tekstura” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tuzdi. “Tekstura” va “Urganch baxmal” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar “Yantex Invest” korxonasi ta’sischilari hisoblanadi.
Qayd etilganidek, keyingi to‘rt yil davomida bizda trikotaj ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajriba to‘plandi. Ammo gazlama to‘qish va bo‘yash bo‘yicha hali salohiyat yetarli emas.
Shu bois “Tekstura” MCHJ Urganch shahrida matoga rang beruvchi korxona ochish, to‘rtta tumandagi klasterlar bilan ip-gazlama to‘qishni yo‘lga qo‘yish natijasida kelasi yil oxirigacha viloyatda gazlama ishlab chiqarishni yiliga 90 million pogon metrga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu tariqa, ikkinchi bosqichda Xorazmda matoni bo‘yash, uni qadoqlash, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishga erishiladi.
Shu yerda Xorazm viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Prezident tashabbusi bilan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalla institutining rolini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Avvallari viloyatlarga tashrif chog‘ida hududning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dasturi “tepadan – pastga” tizimi asosida shakllantirilar edi. Xorazmda ilk bor joriy etilayotgan yangi tizimga ko‘ra, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.
Bu boradagi vazifalarni aniqlash uchun vazirlik va tarmoqlar, banklar vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi viloyatdagi 519 mahallaning muammolarini o‘rgandi. Mahallalarda yashovchi aholining imkoniyatlari, ularning daromadini oshirish, qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borish kerakligidan kelib chiqib, o‘sish nuqtalari belgilandi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan shahar va tumanlardagi 54 sektor ham xuddi shunday tasniflandi.
Xo‘sh, mahallalarda o‘sish nuqtalari qaysilar? Viloyat mahallalarida chorvachilik, parrandachilik, hunarmandchilik yoki boshqa ishlab chiqarish istagi bildirilgan o‘sish nuqtalari 11 tani tashkil etdi. Endi mahalla raislari xonadonlarga yirik tadbirkorlarni kasanachilik tizimida ishlash uchun biriktirib beradi. Shu orqali oilalarga daromad topish uchun ko‘maklashiladi.
Davlat rahbarining har bir tumanda sanoatni rivojlantirish maqsadida qiymati 10 million dollardan ziyod 2 tadan yirik hamda 1 million dollardan ortiq 10 tadan o‘rta loyihani shakllantirish bo‘yicha bergan topshirig‘iga muvofiq 755 ta loyiha ishlab chiqildi. Umumiy qiymati 13,3 trillion so‘mlik ushbu loyihalar 2021 yilda amalga oshirilishi natijasida 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Prezidentimiz islohotlarni eng quyi bo‘g‘inga yetkazishda mahallaning vazifalari nimadan iborat ekanini mahalla raislari tugul tuman hokimlari ham yaxshi tushunmasligini tanqid qildi.
– Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan ko‘p narsani talab qilamiz. Lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yo‘q. Endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz. Soliq, moliya, bandlik, investitsiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga mas’ul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari o‘z hududidagi muammolar bo‘yicha ularga talab qo‘yadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu. Buni odamlar his qilishi lozim. Matbuot xodimlari buni aholiga yetkazishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ushbu tizimni hayotga tatbiq etish, Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu bo‘yicha o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi texnoparkka tashrif buyurdi. Hududlardagi «o‘sish nuqtalari»ni ishga solish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida barcha shahar va tumanlarda kichik sanoat zonalari, texnoparklar tashkil etilmoqda.
Joriy yil may oyida qurilishi yakunlangan “Urganch” texnoparki jami 6 ta blokdan iborat. Qisqa vaqtda bu yerda ikkita korxona faoliyat boshladi. Ular kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi «Oq oltin mega tekstil» hamda metalldan turli mahsulotlar tayyorlaydigan «Great Khorezm” shirkatlaridir.
Bu yerda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Texnopark viloyatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda tadbirkorlar uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
«Oq oltin mega tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati texnoparkda amalga oshirilgan birinchi loyiha. Korxonaga Germaniya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan tikuvchilik dastgohlari keltirib o‘rnatilgan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim kabi 100 dan ortiq turdagi to‘qimachilik mahsulotlarining 75 foizi eksportga yo‘naltiriladi. bugungi kunda «Oq oltin mega tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyatida Urganch va Xiva shaharlari, Yangiariq, Xonqa va Urganch tumanlarida yashovchi 400 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.
– Sizlarni ko‘rganimdan, mana shunday hunar egallab, o‘zlaringga yoqqan fabrikada ishlayotganlaringdan xursandman. Odamlarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha katta harakatlar qilyapmiz. Bugun-erta Xorazmda yurib, mablag‘lar berib, rejalar tuzishdan maqsad ham shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz uyda o‘tirgan ayollarni kasanachilik asosida ham ishga jalb etish muhimligini ta’kidladi. Sanoat ob’ektlarining qolgan qismidan ham samarali foydalanish, tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hozirgi kunda qolgan bloklarga ham uskunalar olib kelinmoqda. Texnopark to‘liq ishga tushgach, yiliga qariyb 87 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 5,8 million dollarlik eksport qilinishi mo‘ljallangan.
Shu yerda Xiva shahri va Gurlan tumani misolida infratuzilmani yaxshilab, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish loyihalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Urganch shahridagi “UzXCMG” qo‘shma korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Xitoy bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan mazkur qo‘shma korxonada 13 turdagi ekskavatorlar, 10 turdagi qurilish va avtomobil yo‘llarini ta’mirlovchi texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda. Korxonaning quvvati va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida eskavatorlar uchun ehtiyot qismlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Loyihaning umumiy qiymati 8 million dollar bo‘lib, yiliga 400 dan ortiq maxsus texnika ishlab chiqarishga erishiladi.
Korxonada ayni payt 52 kishi ish bilan ta’minlangan. 2021 yilda qo‘shimcha tarmoqlar ishga tushishi natijasida yana 30 ish o‘rni yaratiladi.
Qo‘shma korxonani 3 bosqichda rivojlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ekskavatorlarni yirik bo‘g‘inli va sanoat usulida yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi.
Korxonada shu kungacha 50 dan ortiq turdagi 1 ming 700 dona maxsus texnika, jumladan, zanjirli va g‘ildirakli ekskavatorlar, buldozerlar, asfalt zichlovchi katoklar, yuk ortgichlar, avtogreyder, yo‘l frezasi ishlab chiqarildi. Barcha texnikalar xalqaro standartlarga javob beradi.
Qo‘shma korxona faoliyatini takomillashtirish maqsadida joriy yil Xitoyning XCMG korporatsiyasi tomonidan qiymati 4,3 million dollarlik yig‘uv liniyasi va uskunalar olib kelindi. Maqsad ekskavator qismlarini payvandlash orqali mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish.
Energiya tejamkor texnologiyalar mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshligini oshirish, importni kamaytirish imkonini beradi. Mazkur sa’y-harakatlar tufayli korxonada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 2021 yilda 51 foizga yetkaziladi.
Prezident qo‘shma korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi tarmoqlarni tashkil etish va buning uchun hamkor vazirliklar bilan birgalikda zamonaviy texnikalarni ishga tushirish borasidagi loyihalar haqida suhbatlashdi, zarur topshiriqlar berildi.
– Bu zavodning imkoniyatlari juda katta, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Lekin ularni ishlata olmayapmiz. Shuning uchun bu yerda yana nimalar chiqarish mumkinligini va kelgusi yillarda chet eldan qanday texnikalar sotib olishga ehtiyoj borligini chuqur tahlil qilib, ularni shu yerga buyurtma berish, imkonsizlarini kooperatsiya asosida tayyorlash zarur. Bu zavod rivojlanib, Xorazm industriyasiga asos bo‘lishi kerak.
Shu yerda hududdagi turli ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlari taqdimoti o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga safari davom etmoqda.
Matnazar ELMURODOV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz MUSAEV,
Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA muxbirlari