Rasmiy munosabat

Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Elektr energiyasi iste’moli 200 kilovattdan oshsa, har bir kilovatt uchun 900 so‘m emas, 540 so‘mdan to‘lanadi” kabi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Bu noaniqlik Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi 894-son qarori bandlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida yuzaga kelgan. Qarorda 2024 yil 31 maydagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 85-bandiga o‘zgartish kiritilgan bo‘lib, unda faqat yuridik iste’molchilar haqida so‘z yuritilgan.

Xo‘sh, nima o‘zgardi? Qoidalarga ko‘ra, yuridik iste’molchilar shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortiq miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilgan taqdirda, ortiqcha sarflangan har bir kVt⋅soat uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha haq to‘laydi. Bu amaldagi tartibning ikki baravarlik qo‘shimchadan yumshatilgan varianti hisoblanadi.

Misol uchun, shartnomaviy limiti 100 ming kVt⋅soat bo‘lgan ishlab chiqarish sexi oy davomida 125 ming kVt⋅soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kVt⋅soat uchun 900 so‘mdan emas, 1080 so‘mdan to‘laydi.

Eng muhim jihati shuki, maishiy iste’molchilar ushbu tartibdan ozod etilgan. Qoidalarning tegishli bandida “maishiy iste’molchilardan tashqari” deya aniq-ravshan qayd etilgan.

“Vazirlik axborot xizmati bloger va jurnalistlar bilan hamkorlik qilishga, har qanday so‘rov yoki savollarga tezkor javob berishga tayyor. Sizdan so‘raladigan yagona narsa – ma’lumotlarning aniqligini tekshirish va jamiyatda noto‘g‘ri tushunchalar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, deyiladi xabarda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA