Futzalchi qizlarimiz Osiyo chempionati yo‘llanmasi uchun Toshkentda bahslashadi

286

Xabaringiz bor, Farrux Zokirov boshqaruvidagi O‘zbekiston ayollar futzal terma jamoasi yanvar oyida Osiyo kubogi saralash bahslarida ishtirok etadi.

Termamiz mazkur saralash bahslarining “C” guruhidan joy olgan bo‘lib, ushbu guruh o‘yinlari joriy yilning 11–19 yanvar kunlari Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkaziladi.

Saralash natijalariga ko‘ra, to‘rt guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar va eng yaxshi bitta 3-o‘rin sohibi 2025 yilning 7–18 may kunlari Xitoyda o‘tkaziladigan qit’a musobaqasining final bosqichiga yo‘l oladi. O‘zbekiston ayollar futzal terma jamoasi saralash bosqichidagi ishtirokini 2-turdan boshlaydi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, terma jamoamiz saralash bahslarining 2-tur o‘yinini 13 yanvar kuni soat 15:00 da o‘tkazadi. Unda futzalchilarimizga Filippin termasi qarshilik ko‘rsatadi.

Ma’lumot o‘rnida: Osiyo kubogida dastlabki uch o‘rinni egallagan jamoalar 2025 yilning noyabr – dekabr oylarida tarixda ilk bor tashkil etilayotgan futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA