2025 yil futbolimiz tarixida o‘chmas iz qoldirishi mumkin
2024 yil ham o‘z yakuniga yetib, 2025 yil kirib keldi. Joriy yil turli sport turlari bo‘yicha nufuzli musobaqalar o‘tkazilsada, eng jiddiy sinov futbolchilarimiz uchun bo‘lishi shubhasiz. Aniqroq, aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichidagi ishtirokini davom ettiradi.
Hozirda O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida oltinchi turdan keyin 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Eron esa 16 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsak, BAA 10, Qatar 7 ochko jamg‘arib, keyingi o‘rinlarda bormoqda. Qirg‘iziston va KXDR termalari 3 va 2 ochko to‘plagan holda guruhning quyi o‘rnidan joy oldi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etishi belgilangan. Qit’amizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta, qit’alararo pley-off o‘yinlari orqali esa bitta o‘rin ajratilgan.
Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichida 18 jamoa har birida oltita jamoadan iborat uchta guruhga bo‘lindi va ular davra tizimida (uy-safar) bahslashadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikkita o‘rinni egallagan terma jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.
Osiyo saralash guruhlaridan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan 6 ta terma jamoa yakuniy bosqichda har biri uch jamoadan iborat ikkita guruhga bo‘lingan holda davra formatida kurash olib boradi. Osiyo pley-off bosqichidan eng yaxshi ikki o‘rinni egallagan jamoalar «JCH-2026» yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Har ikki guruhdan ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar qit’alararo pley-offda OFK nomidan ishtirok etadigan jamoani aniqlash uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
Ayni paytdagi Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining “A” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi uchun vaziyat kutilganidek. Futbolchilarimiz bu yil dastlab, 20 mart kuni Toshkentda Qirg‘iziston, safarda 25 mart kuni Eron va 5 iyunda BAA bilan raqobatlashsa, 10 iyun kuni Qatar bilan so‘nggi turda o‘ynaydi.
Xullas, bu uchrashuvlarda Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov kabi futbolchilarimiz mas’uliyatni o‘z qo‘liga olgan holda jamoani olg‘a boshlashi kerak. Ayniqsa, bu vazifa jamoa sardori, tajribali to‘purarimiz Eldor Shomurodov bo‘yniga tushadi. Aslida, Eldor har qanday holatda ham terma jamoa uchun zo‘r o‘ynab berishi barchamizga ma’lum. Biroq, bu yil futbolchimizning klublar miqyosida ham muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi ahamiyatli.
Shu bois, Shomurodov qishki transferlar vaqtida jamoa tanlashda to‘g‘ri qarorga kelishi muhim. Hozirda “Roma” tarkibida o‘ynayotgan Eldor Shomurodovga muntazam o‘yin amaliyoti berilmayapti. Bu esa asta-sekin o‘yinini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda.
Umuman olganda Eldor Shomurodovdek tajribali hujumchilar top klublarda har qanday vaziyatda o‘ynab keta olishi tabiiy. Ammo muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun nisbatan pastroq — “Kalyari”, “Venetsiya” va “Empoli” kabi jamoalarda o‘ynasa ham maqsadga muvofiq. Darvoqe, bu jamoalar yanvar oyida E.Shomurodov uchun kurashishini ma’lum qildi. Bu jamoalar bosh murabbiylari va sport direktorlari o‘zbek legionerining imkoniyatlarini yaxshi biladi va unga jamoadan joy berishga, ligada qolish uchun kurashda uning tajribasidan foydalanishga tayyor.
Umid qilamizki, Yevropa qit’asidagi qishki transfer bozorida Eldor Shomurodov o‘zi va kelajagi uchun munosib jamoa topadi va muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, terma jamoamizning yorqin g‘alabalariga hissa qo‘shadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA