Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining videoanjuman shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir kun tartibidan O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalario‘rin olgan.

Koronavirus infeksiyasining global miqyosda tarqalishi oqibatlarini yengib o‘tishda yaqindan hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kuchaytirish hamda hududlararo muloqotlar, ta’lim va gumanitar almashinuvni faollashtirishga qaratilgan ustuvor dastur va loyihalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Uchrashuv chog‘ida ikki davlat yetakchilari jahon va Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish chora-tadbirlarini muhokama qiladilar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, iqtisodiyot va innovatsiyalar, moliyaviy-texnik ko‘mak, bojxona ishi va savdoni texnik tartibga solish, kadrlar tayyorlash va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga doir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolanadi.