Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekfilm” kinostudiyasida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga joriy yilgi Murojaatnomasida kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurish lozimligini ta’kidlagan edi.
Shu maqsadda sohaga katta mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, “O‘zbekfilm”dagi barcha pavilonlar ta’mirlanib, yangi kartinalar suratga olish uchun sharoit yaxshilandi. Mazkur kinostudiya va hujjatli filmlar studiyasini zamonaviy texnikalar bilan jihozlash davom etmoqda.
Prezidentimiz shu yerda kino san’ati faxriylari, rejissyorlar, soha mutacaddilari bilan suhbatlashdi.
– Kino juda murakkab, xalqimiz, jamiyatimiz uchun muhim soha, – dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda. – Ilgari “O‘zbekfilm” studiyasi xaroba holga kelib qolgandi. Ko‘p joylari, binolari ijaraga berib yuborilgandi. Mana, hammasi o‘z egasiga – kinochilarga qaytarildi.
Yetarli e’tibor bo‘lmagani sababli mamlakatimiz kino san’atida turg‘unlik paydo bo‘lgan edi. Faqat yengil-yelpi, tijorat kartinalari yaratilib, soha rivoji dunyodan ortda qolib ketdi.
Keyingi paytlarda e’tibor va rag‘bat berilgani bois kinoasarlar mazmuni o‘zgardi. Xususan, «Imom Termiziy», «Islomxo‘ja», «Elparvar», «Qo‘qon shamoli», «101», «Ibrat» kabi tarixiy filmlar ishlandi.
– Oxirgi yillarda yaratilgan kinolarimizning soni kam bo‘lsayam, ma’nosi bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbek tomoshabini faqat chet el teleseriallari ta’siriga tushib qolmasligi, aksincha, tariximiz, san’atimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilishi, shu ruhda tarbiya topishi kerakligi ta’kidlandi.
– Kino – tarbiyaning zamini. Bu ijodning maktabini ochishimiz kerak. Hozir mukammal filmlar yaratishga havasimiz bor, lekin sifatlisi kam. Yurtimiz tarixi haqida albatta film bo‘lishi kerak. Bunga vaqt keldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Eng sara o‘zbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Prezidentimiz milliy kino san’atimiz fidoyilarini e’tirof etish maqsadida har bir hudud umumta’lim maktablariga Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova kabi el sevgan ijodkorlar nomini berishni taklif qildi.
Jahon kinosanoati yutuqlarini o‘rganish va tatbiq etish, ijodkorlar malakasini oshirib borish, xususan, yoshlarni Rossiya davlat kinematografiya institutida o‘qitish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, bolalar uchun kinostudiya tashkil kilish g‘oyasi ham ilgari surildi.