– Bugun tumanda «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, iqtisodiyotni kompleks rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari tadbir avvalida.
Chilonzorda 51 ta mahalla bor. Iqtisodiy faol aholining 9 foizi ishsiz. Kishi boshiga sanoat hajmi Toshkent shahridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar past.
Shu bois mahallalardagi rezervlar o‘rganilib, tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqildi. U yettita asosiy yo‘nalishni qamrab olgan.
Dasturga ko‘ra, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika, zargarlik kabi sohalarda umumiy qiymati 10 trillion 238 miliard so‘mlik 298 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yo‘l va kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, tibbiyot va ta’lim sohalarida yangi islohotlarni joriy etish, jinoyatchilikni qisqartirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilandi.
– Agar mahallabay ichiga kirsak, odamlar adolatni sezadi, – deya ta’kidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishga kelgan yoshlarning fikrlarini tingladi. Ularning barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ijrosi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
– Toshkentda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shahar yoshlari forumi o‘tkaziladi. Toshkent yoshlari karvonboshi bo‘lishi kerak.
Poytaxt tumanlarida «loyihalar fabrikasi» tashkil etib, yoshlarning biznes tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.
– O‘zbekistonning ertangi kunini peshona terimiz bilan yaratamiz. Kim bu ishlarni qiladi? Vatanni sevgan, fidoyi insonlar! Yo‘limiz bitta: odamlarga halol xizmat qilish, xalqimizning roziligiga erishish, – dedi davlat rahbari yig‘ilish yakunida.