Markaz o‘z nomi bilan ko‘p tarmoqli. Bu yerda jarrohlik, reanimatsiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, umumiy terapiya, nefrologiya, pulmonologiya, gepatologiya, allergologiya, kardiologiya, qon-tomir jarrohligi, kardio-reanimatsiya, stomatologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va boshqa ixtisoslashtirilgan bo‘limlar bo‘ladi. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatiladi.
– Bunday, hamma yo‘nalishni qamrab olgan klinikani boshqarish tajribasi bizda yo‘q. Shuning uchun bu yerni boshqarishni tajribali xorijlik menejerlarga berish, ularni hozirdan jalb etib, qurilish va jihozlash bo‘yicha takliflarini olish zarur, – dedi davlat rahbari.
Markazda 600 ta koyka bo‘ladi. Ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Yiliga 3000 dan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkin bo‘ladi.
Prezident Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda quriladigan klinikalarni ushbu markaz bilan bog‘lash muhimligini ta’kidladi.
– Bemorlar uchun eng azoblisi – yo‘l. Uzoq hududlardagi kasallarga masofadan tashxis qo‘yish va davolashni tashkil etib, xalqimizni shu qiyinchilikdan xalos qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markaz faoliyatini tashkil etishda xalqaro aloqalarga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, chet ellik shifokorlar ishga olinishi mo‘ljallangan.
Bu yerda 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishlaydi. Malakali kadrlar tayyorlash maqsadida ta’lim–amaliyot–ilm-fan integratsiyasiga keng o‘rin beriladi.
Xalq tilida «eski ToshMI» deb yuritiladigan hududda qurilayotgan ushbu zamonaviy shifoxonani kelgusi yil dekabrda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.