Bugun Amerika Qoʻshma Shtatlarida prezident saylovi boʻlib oʻtmoqda. AQSH fuqarolari oʻz ovozlari bilan keyingi toʻrt yillik uchun kim davlat rahbari boʻlishiga aniqlik kiritib oladi.
Prezidentlik uchun respublikachilar partiyasi vakili, amaldagi prezident Donald Tramp va demokratik partiya vakili Jo Bayden kurash olib boradi.
Shuni taʼkidlash joizki, Amerikada hali hech bir saylov bu galgidek keskin vaziyatda oʻtmagan. Bir tomondan mamlakatda koronavirus pandemiyasi qurbonlari 200 ming kishidan oshib ketdi. Mamlakat koronavirusga chalinganlar koʻpligi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turibdi.
Ikkinchidan AQSHda bu yil koʻplab norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Irqchilik muammosi bor boʻy-basti bilan oʻzini namoyon etdi. Qolaversa, ovoz berish jarayoni ilk bor masofadan boʻlib oʻtmoqda. Bunday sharoitda agar nomzodlar yutqazsa ovoz berish natijalarini tan olmasligiga ishora qilgan. Bu ham saylovdan keyin barqarorlikni saqlash masalasi koʻndalang turibdi, degani.
Yana bir jihat: bu galgi saylovlar muddatidan oldin ovoz berganlar soni koʻpligi boʻyicha avvalgilaridan keskin farq qiladi. Hozirgacha saylovning rasman boʻlib oʻtadigan kunigacha ovoz berib boʻlganlar soni 100 million kishidan oshgan. Bunaqasi aslo kuzatilmagandi. Bunchalik katta raqam qayd etilishi kronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq, deyish mumkin. Chunki koʻpchilik saylov uchastkasiga borishga hayiqmoqda va pochta orqali ovoz bermoqda.
Shunday qilib, 2016-yilgi saylov bilan solishtirganda bu gal ovoz berganlar 70 foizlik koʻrsatkichga yaqinlashdi. Bugun yana oʻn millionlab saylovchilar ovoz berishda ishtirok etadilar. Aytish mumkinki, AQSH tarixida hali hech qachon ovoz beruvchilar soni 140 milliondan oshmagandi.
Bu galgi saylovning yana bir eʼtiborli jihati, bu ovozlarni sanash jarayoni choʻzilish ehtimolidir. New York Times gazetasining yozishicha, 50 ta shtatdan atigi sakkiztasida ovoz berish natijalari saylovdan keyingi kunning ikkinchi yarmida eʼlon qilishi mumkin.
Maʼlumki, demokratlar pochta orqali ovoz berishni maʼqul koʻrayotgan boʻlsa, respublikachilar saylov uchastkalariga borib ovoz berishni yoqlamoqda. Bunday sharoitda saylov uchastkasida berilgan ovozlar birinchi boʻlib sanaladimi yoki pochta orqali berilgan ovozlarmi? Bu ham juda muhim.
Ekspertlarning xavotir bildirishicha, ovozlarni hisob-kitob qilish shu daraja murakkablashishi mumkinki, oxir-oqibat saylov natijalarini Oliy sud aniqlab berishga toʻgʻri kelishi ehtimoli bor. Bunday sharoitda saylov qoidalarining buzilishi yoki nomzodlar oʻrtasida unchalik katta boʻlmagan farq ham sud daʼvosini ochishga olib kelishi va oliy sud instansiyasigacha yetib borishi mumkin. 2000-yilgi prezident saylovida aynan sud gʻalabani kichik Jorj Bushga bergan edi.
AQSH prezidenti umumxalq ovoz berish yoʻli bilan saylanmaydi: gʻolibni kongress aʼzolari soni boʻyicha 538 aʼzodan iborat saylovchilar Kollegiyasi aniqlaydi.
RealClearPolitics (RCP) sayti oʻtkazgan milliy soʻrov natijalariga koʻra, Bayden Trampni oʻrtacha 6,7 ball bilan ortda qoldirmoqda. Bu 51 foizga qarshi 44,3 foiz degani. Mazkur koʻrsatkich boshqa yetakchi nashrlar, jumladan, FiveThirtyEight.com sayti bildirgan prognozlariga ham yaqin. Ushbu sayt hisob-kitobicha, Bayden raqibini sezilarli darajada ortda qoldiradi.
RIA Novostining Vashingtondagi muxbiri xabar qilishicha, AQSH poytaxtida qator doʻkonlar oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turishni maʼqul koʻrmoqda. Ular tartibsizliklar kelib chiqishidan xavfsiramoqda. NBC Newsning maʼlum qilishicha, immigratsiya agentlari va bojxona xizmatiga Vashingtonda tartibsizliklar kelib chiqishi ehtimoli mavjudligi uchun saylov kuni tayyor turish buyurilgan.
AQSHda har toʻrt yilda boʻlib oʻtadigan prezident saylovini xalqaro jamoatchilik ham katta qiziqish bilan kuzatadi. Chunki AQSH sayyoramizdagi iqtisodiy jihatdan eng qudratli mamlakat hisoblanadi. AQSH dunyoning barqarorligini saqlashda ham muhim ahamiyat kasb etuvchi davlatdir. Binobarin, bu galgi prezident saylovida yuzaga kelgan tanglik AQSH tarixida hali kuzatilmagani hisobga olinsa, Oq uy uchun kurash nafaqat AQSH jamoatchiligi uchun, balki butun sayyoramizda barqarorlik uchun daxldor ekanini anglash unchalik mushkul boʻlmaydi.
OʻzA