Hozirgi sharoitda karonavirusga qarshi kurashish maqsadida bemorlarni zarur dori darmon vositalari bilan taʼminlash dolzarb masalaga aylangan. Bu borada hukumatimiz tomonidan qonuniy chora-tadbirlar koʻrilayotgan bir paytda ana shu vaziyatdan foydalanib qolishga urinayotgan, qonunni mensimaydigan firibgarlar ham uchrab turibdi.

Xorazm viloyati prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan “Kovid-19” ni davolashga tavsiya qilingan dori vositalarini dorixona va uning filiallaridan tashqarida sifati kafolatlanmagan va qimmat narxlarda sotilishini oldini olish borasida doimiy ravishda reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.Xususan, Xiva tumanidagi xususiy korxona rahbari A.F. oʻzi tadbirkor boʻla turib, 100 quti “Remdesivir” dori vositasining har bir qutisini 540 ming soʻmdan hisoblab 54 million soʻmga, “Lantus ” dori vositasining har bir qutisini 480 ming soʻmdan hisoblab 9 million 600 ming soʻmga hamda “Ksarelto” nomli dori vositasini har bir qutisini 540 ming soʻmdan hisoblab 8 million 100 ming soʻmga sotishga kelishadi.

Fuqaro A.F. ushbu dori vositalarini farmatsevtik korxona faoliyat koʻrsatib kelayotgan hudud yoki dorixonada sotmasdan, noqonuniy ravishda Urganch tumani, “Cholish” qishlogʻi hududida joylashgan maktab oldida sotishini aytadi. Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu manzilda fuqaro sotishga kelishilgan “Remdesivir”, 20 quti “Lantus Solo Star” hamda 15 quti “Ksarelto” nomli dori vositalarini jami 6900 AQSH dollari va 280 ming soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

– Tadbir yakunida ushbu fukarodan noqonuniy sotishga moʻljallangan 71 million 700 ming soʻmlik dori vositalari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi, − deydi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi katta inspektori Dilrabo Kuryazova. − Qonun hamma uchun barobar. Albatta, har birimiz sogʻligʻimiz uchun zarur boʻlgan dori vositalarini dorixonalardan xarid qilsak, ularni noqonuniy ravishda dorixonalardan tashqarida sotilishiga yoʻl qoʻymasak, ham oʻzimiz, ham jamiyat uchun qonuniy burchimizni bajargan boʻlamiz. Bu kabi reyd tadbirlari muntazam davom etadi.

Xozirda mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi jinot kodeksining 1863-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA