Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamkorligida “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish belgilangan. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida turli fanlar, chet tillarni o‘rgatish, komputer dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan shu’ba korxonalarini 2027-yil 1-avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etish, bunda korxona ixtiyorida qoladigan summaning 20 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda.

Davra suhbatida bolalar va yoshlar to‘g‘risidagi qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingani, xalqaro shartnomalar inventarizatsiyadan o‘tkazilgani qayd etildi. Bu kabi sa’y-harakatlar hozir ham davom etmoqda.

Imtiyoz va imkoniyatlarni amaliyotga tatbiq etish izlanuvchan, tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratini olib borish tartibini joriy etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA