Yangi yil bayrami arafasida, ayniqsa, bolalarda pirotexnika vositalarini sotib olishga qiziqish ortadi.
Mutaxassislarning fikricha, pirotexnika vositalari tez yonadigan moddalardan tayyorlangan bo‘lib, ularning deyarli barchasi yong‘in chiqish xavfi yuqori bo‘lgan buyumlar hisoblanadi. Bu esa inson salomatligiga, jamoat tartibi va fuqarolar mol-mulkiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Qashqadaryo viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida Qarshi shahridagi “Markaziy buyum savdo majmuasi”da yong‘in va favqulodda vaziyatlarda zarur texnika va vositalardan foydalanish bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmali tadbirda bu alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda portlovchi va zaharli moddalarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish sohasida xavfsizlikni ta’minlash ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yilgan. Lekin shunga qaramay, yurtimizga pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish, sotish va foydalanish holatlari uchrab turibdi.
Tadbir doirasida Qarshi shahridagi “Nuriston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylarning old yo‘laklaridagi sakkizta sun’iy to‘siq olib tashlandi.