Toza qoʻllar hamma uchun

Har yili 15-oktyabrda Butunjahon Qoʻllarni yuvish kuni (Global Handwashing Day) nishonlanadi. “Shu ham koʻtarib chiqishga arziydigan mavzumi?” deya xulosa qilishga shoshilmang. Gap shundaki, mazkur tashabbus BMT Bosh Assambleyasi, YUNISEF Bolalar jamgʻarmasi va Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ilgari surilgan boʻlib, 2008-yilda ular tomonidan har yili 15-oktyabrda Butunjahon qoʻllarni yuvish kunini nishonlash borasida qaror qabul qildilar.
Butunjahon Qoʻllarni yuvish kunining asosiy maqsadi bolalar va kattalar eʼtiborini turli xil yuqimli kasalliklardan himoya qilishning samarali va eng arzon usuli sifatida qoʻlni sovun bilan oʻz vaqtida va toʻgʻri yuvishga jalb qilishdan iboratdir. Aksiya “Toza qoʻllar hamma uchun” shiori ostida oʻtadi.
1847-yilda Venadagi Umumiy shifoxonada doktor yordamchisi boʻlib ishlayotgan shifokor Ignas Zemmelvays bolalar oʻlimining koʻpligi va shifoxonaning tugʻriqxonasida farzand koʻrgan ayollarning isitmasi koʻtarilib ketishini tahlil qilar ekan, “chaqaloq va onalarga yordam beruvchi shifokorlar qoʻllarini yuvmasliklari buning sababi boʻlishi mumkin”, degan xulosani ilgari suradi. Chunki oʻsha vaqtlarda oʻlgan bemorlarni yorib koʻrgan yoki yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni oldiga borib qaytgan shifokorlar qoʻllarini yuvmasdi.
Shu sababli Ignas Zemmelvays shifokorlarga qoʻllarini xlor eritmasi bilan yuvishni tavsiya qildi. Mana shu oddiy chora oʻzining samarasini berdi – oʻlim holati keskin kamaydi. Ammo, oʻsha vaqtda Yevropada organizmda kasallik keltirib chiqarish nazariyasi maʼlum emas edi va shu sababli ham Zemmelvays taʼqibga uchradi. 1850-yilda Zemmelvays Venani tark etdi, 1861-yilda uning qoʻllarni yuvish nazariyasi aks etgan kitobi nashr qilindi.
 Hayotligida nazariyasi tan olinmagan Zemmelvays 1865-yilda vafot etadi. Uning oʻlimidan besh yil oʻtgach ingliz jarrohi Jozef Lister mikroorganizmlarning aybini toʻla isbotlab berdi. Oradan bir yil oʻtib Angliyada oʻz vaqtida qoʻllarni yuvish targʻib qilina boshlandi, buning natijasi oʻlaroq bolalar va ayollar oʻlimi keskin kamaydi.
Shifokorlarning tan olishicha, iflos qoʻllar yuqumli kasalliklarning bosh omili ekan. Yaʼni, shunchaki qoʻl berib koʻrishish orqali ham kasallik yuqishi mumkin ekan, bu bugungi COVID -19 bilan bogʻliq pandemiya davrida yana bir bor oʻz isbotini topdi.
Bolalar oddiy buyum (masalan qalam, ruchka, kitob, daftar, oʻyinchoq, hatto eshik tutqichi)dagi iflosliklar koʻzga koʻrinmasligini tushunib yetishlari kerak, demoqda mutaxassislar. Agar qoʻllar yuvilmaydigan boʻlsa mana shu iflosliklar ogʻiz orqali inson organizmiga tushadi, hamda turli kasalliklar bemor kishidan sogʻlom insonga yuqadi.
Ayrim tadqiqotlarga koʻra, iflos qoʻllarda bir necha million mikroorganizmlar mavjud ekan. Idorada ishlovchilarning qoʻlida jismoniy mehnat bilan shugʻullanayotganlarga nisbatan koʻproq mikroorganizmlar bor ekan. “Eng iflos” buyum sifatida telefonlar (jumladan qoʻl telefonlari), yozuv stollari, klaviatura va kompyuter sichqonchalari, shuningdek eshik tutqichlari va chiroqni oʻchirib-yoquvchi moslamalar tan olinadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar soat, uzuk va brasletlar ostida toʻplanib qolar ekan. Shu sababli erkaklarning qoʻli ayollarnikiga nisbatan “tozaroq” ekani aytiladi.
Qoʻldan qoʻlga beriladigan pullar ham koʻp hollarda kasallik tarqalishiga sabab boʻlar ekan. Tadqiqotlarga koʻra, qogʻoz banknotlarda sil mikrobakteriyasi, zotiljam, tonzillit, gepatit qoʻzgʻatuvchilari bor ekan. Ayniqsa, koʻp ishlatilgani bois eski pullarda kasallik qoʻzgʻatuvchilar koʻproq boʻlar ekan.
Qoʻllarni sovun bilan yuvish terining 90%ni mikroorganizmlardan tozalashga va kasalliklarni koʻrishish yoʻli bilan tarqalmaslikni kamaytirishga xizmat qilar ekan.
Mutaxassislar qoʻllar gigiyenasiga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligini taʼkidlaydilar. Jumladan, hojatga borgandan keyin, ovqat tayyorlashdan avval, ovqat tannovulidan avval, xom goʻsht va baliq ushlanganida, hayvonlarga qoʻl bilan tegilgan taqdirda, jamoat joylarida boʻlganda, transportdan tushgandan soʻng albatta qoʻl sovun bilan yuvilishi kerak, degan fikrni aytishadi. Tahlilchilarning aytishlaricha, yuqumli kasalliklarning 80% teginish orqali yuqar ekan.
Atigi 20% odamlar ovqat tayyorlashdan avval qoʻlini yuvishi aytiladi. Yevropalik tadqiqotchilarning fikricha, koʻpchilik odamlar faqat kaftlarni yuvar ekan. Shuni taʼkidlash kerakki, bakteriyalarning katta qismi aynan qoʻlda boʻladi. Odamlar oʻrtacha qoʻlini 10 soniya yuvishi aytiladi, ammo shifokorlar qoʻl kamida 20 soniya yuvilishini tavsiya qiladilar.
Maktablarda oʻquvchilarning qoʻllari tez-tez yuvib turilishi lozim, degan takliflar oʻrtaga tashlanadi. Bu oʻquvchilarning kasallik tufayli qoldiriladigan darslari sonini kamaytirar ekan. Masalan Xitoyda boshlangʻich maktablardla qoʻllarni sovun bilan yuvish qoʻllanila boshlangach kasallik tufayli oʻquvchilarning dars qoldirishi 54% qisqargan. Qoʻllar tozaligi yuqumli kasalliklarning oldini olishdagi eng samarali usul ekani tan olingan. Bir kunda 6-10-marta qoʻllarni yuvish COVID-19 yoki gripp infeksiyasi yuqishi xavfini kamaytiradi.
London Gigiyena va tropik tibbiyot maktabi xodimlarining fikricha, agar odamlar muntazam ravishda qoʻllarini yuvib yursalar yil davomida bir millionga yaqin oʻlimning oldini olish mumkin ekan. YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, ovqatdan avval va hojatdan soʻng qoʻllarni yuvish insonlarning hayotini saqlab qolishga va oʻtkir nafas yoʻllari xastaliklarini chorak qismga kamayishiga xizmat qilar ekan.
Zotiljam va ogʻir infeksiya besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining asosiy sababidir. Har yili bu kasalliklar tufayli 1,8 million bola nobud boʻladi. Agar rivojlanayotigan mamlakatlarda qoʻllarni yuvishga rioya etiladigan boʻlsa u holda oʻlim olati 50-70 %gacha qisqarishi mumkin. Statistik maʼlumotlarga koʻra, yer shari aholisining atigi 19%gina qoʻllarini sovun bilan yuvar ekan. Rivojlangan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 42-49 %ni tashkil qilsa, qashshoq mamlakatlarda zoʻrgʻa 5 %ga yetadi.
2019-yilgi maʼlumotlarga koʻra, jahonda 2 milliarddan ortiq odam sanitariya vositalaridan mahrum va yetarli darajada qoʻllar gigiyenasiga rioya qilmaydi.
Soʻngi vaqtlarda qoʻllar uchun antiseptiklar yoki sanitayzerlardan foydalana boshlandi. Aslida bu vositalar 1990-yillar soʻngidan beri ishlatib kelinadi.
Mutaxassislarning fikricha, tarkibida 70 foiz spirt boʻlgan antiseptiklar ishlatilganidan 30 soniya oʻtib 99,97 % bakteriyalarni, 60 soniyadan keyin esa 99,99 % dan 99,999 %gacha bakteriyalarni yoʻq qilar ekan.
Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti, agar sovun va suv boʻlmaydigan taqdirda, qoʻllarni tozalashda kul yoki qumdan foydalanishni tavsiya qiladi.
Qoʻllarni toza tuting, kasalliklarning oldini olgan boʻlasiz.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA