Pedagog kadrlar “butun hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy taʼlim olishi kerak

Endilikda malaka oshirish tizimi va oʻquv kurslar kontentlarini tubdan takomillashtirish ilgʻor xalqaro tajribaga tayangan holda amalga oshiriladi. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti tashabbusi bilan Oʻzbekistonda taʼlim, xususan xalq taʼlimi tizimi faoliyatini yana-da rivojlantirish, tizim xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro ekspertlar ishtirokidagi onlayn uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan navbatdagi uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti mutaxassislari ishtirok etdi.Unda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi muassasalari rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish, qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy shakl va mexanizmlarini joriy etish yuzasidan takliflar bildirildi. Malaka oshirishda taʼlim mazmunini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish kerakligi qayd etildi. Mazkur yoʻnalishda tayyorlangan meʼyoriy-xuquqiy hujjat loyihasi boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Muhokamada ishtirok etgan Rossiya taʼlim akademiyasining vitse-prezidenti, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori Larisa Svetkova bu borada Rossiya Federatsiyasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, muvaffaqiyat va muammolar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Oʻzbekistondagi islohotlarni amalga oshirishda amalga oshiriladigan ishlar, tadbirlar, rejalar boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi. Jumladan, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv reja va dasturlarini xalqaro tajribalar asosida birgalikda ishlab chiqish, pedagoglarga turli shakllarda malaka oshirish imkoniyatini beradigan Learning Management System (LMS) tizimini joriy etish boʻyicha “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasini yaratish rejalashtirildi.

Uchrashuvda kasbiy ehtiyojlarga asoslangan malaka oshirishni tashkil etish, uzluksiz kasbiy rivojlanishga kredit-modul tizimini tatbiq etish, pedagoglarga turli shakl va vositalardan foydalangan holda oʻzlarining kasb mahoratlarini takomillashtirishining individual trayektoriyalarini taqdim etish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Onlayn muloqotda pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishda, yaʼni ularning “butun hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy taʼlimini taʼminlash kerak, degan xulosaga kelindi. Bu taʼlim tizimining barcha ishtirokchilari, yaʼni, oliy taʼlim va malaka oshirish muassasalarining birgalikdagi faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtiruvchi hujjat – “Pedagoglarning kasbiy standarti”ni yaratish shartligini anglatadi.

 

O’zA