Shumanay tumani sektor rahbarlari Kattaqoʻrgʻon tajribasini oʻrgandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Shumanay tumani hokimi Bahodir Yangiboyev boshchiligidagi sektor rahbarlari va tumanning boshqa masʼullari Kattaqoʻrgʻon tumanida boʻlib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni kambagʻallikdan chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Mehmonlar keyingi yillarda tumanda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari haqida maʼlumot berildi. Shundan soʻng shumanayliklar “Kattaqoʻrgʻon elektro texnika” korxonasida elektr transformator ishlab chiqarish jarayonlari, “Ergash ota” xususiy tibbiyot markazi va bu yerda qad rostlayotgan 7 qavatli 350 oʻringa moʻljallangan mehmonxona qurilishi, “Farovon Gold Chorva” masʼuliyati cheklangan jamiyatida zotdor chorva mollari koʻpaytirilayotgani, “Firdavs qandolat invest” korxonasida zamonaviy texnologiyalar asosida bir necha turdagi konditer mahsulotlari va uskunalar ishlab chiqarilayotganiga guvoh boʻldi.
“Kattaqoʻrgʻon klaster” va “Amino gold invest” korxonalari va fermer xoʻjaliklarida paxta yigʻim-terimi va gʻalla ekish mavsumining borishini kuzatdi. Tumandagi “Kumush tola” xususiy korxonasi, “Samarqand qulupnay impeks” klasteri faoliyati qoraqalpogʻistonliklarda katta qiziqish uygʻotdi.
– Kattaqoʻrgʻon tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, hududni obod qilish borasida keyingi paytda katta yangiliklar, oʻzgarishlar boʻlgani haqida eshitgandik, bugun kelib bunga guvoh boʻldik, – deydi Shumanay tumani hokimi Bahodir Yangiboyev. – Tuman rahbarlari bilan fikrlashib, tajriba almashdik, oʻrganadigan ishlarimiz koʻp ekan. Safarimiz shu jihatdan barcha rahbarlarimiz uchun foydali boʻldi.
Shumanaylik mehmonlar Samarqand shahrining Qorasuv massivida zamonaviy arxitektura asosida bunyod etilayotgan koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlarini ham borib koʻrdi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi hamda viloyatdagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
photo_2020-10-15_09-57-56.jpg
photo_2020-10-15_09-57-58.jpg

 

Gʻ.HASANOV, OʻzA