1-kursga talabalikka tavsiya etilganlar uchun tanishtiruv darslari boshlandi

Bugun Navoiy davlat konchilik institutida 1-kursga talabalikka tavsiya etilganlar uchun tanishuv darslari boshlandi.
Tanishuv darslari belgilangan dars jadvallari asosida tashkil etilib, uchta fakultet va Nukus filialida taʼlim yoʻnalishi uchun darslar tashkil etildi.
photo_2020-10-12_20-44-06.jpg
Anʼanaviy taʼlim shaklida boshlanayotgan ushbu dars jarayonlari karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda, auditoriyalarning 50 foizdan koʻp qismiga talabalarni kiritmasdan olib borilmoqda. Juftliklar orasida talabalarga 10 daqiqalik tanaffus beriladi.
Shuningdek, Navoiy davlat pedagogika institutida ham birinchi dars saboqlari olib borildi.
photo_2020-10-12_20-44-00.jpg
– Bu yil institutimizga 4150 nafar talaba qabul qilindi, – deydi institut rektori Bahodir Sobirov. – Ayni paytda toʻlov kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning hujjatlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.
– Yuqori ball bilan institutning pedagogika-psixologiya yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilinib, talaba degan sharafli nomga sazovor boʻldim, – deydi Gulbahor Muydinova. – Tanishuv darslarida dastlab madhiyamiz yangrab, 1-bosqich talabalari dars jadvali, dars beradigan oʻqituvchi va professorlar bilan tanishtirildi. Kerakli darsliklar va foydalaniladigan adabiyotlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, darslarda oliy taʼlim muassasasi talabasi maqomi, oʻtiladigan darslar, muhim qoidalar, kredit-modul tizimida oʻqish tartibotlari toʻliq tushuntirildi.

 

Abduvali Boʻriyev, OʻzA