O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan «Aholi va davolash muassasalarini dori-darmon bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar: aholi bilan muloqot, amaliyot va xalqaro tajriba» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda senatorlar, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Tashqi savdo, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi, Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, tadbirkorlik subyektlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi Z.Nizomxo‘jayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupaliyev, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari N.Ibragimov, moliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov va boshqalar mamlakatimizda aholining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani hamda ushbu sohaning me’yoriy-huquqiy negizi takomillashtirilayotganini ta’kidladi.

Qisqa davr ichida «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2017-yil 14-fevraldagi «Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 17-iyuldagi «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari hamda 7-noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 150 dan ziyod farmatsevtika korxonasi tomonidan tibbiyot amaliyotida foydalanishga ruxsat etilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qariyb 2,5 ming dori vositasi va 200 ga yaqin tibbiyot buyumi ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatimizning 33 farmatsevtika korxonasiga xalqaro sifat standartlari tizimi joriy etildi. Ana shunday korxonalarning 19 tasi o‘z mahsulotlarini AQSh, Fransiya, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga eksport qilmoqda. Farmatsevtika sohasiga investitsiyalar kiritilishi hisobiga 26 qo‘shma korxona tashkil etildi.

Shunga qaramasdan ehtiyoj kuchli bo‘lgan dori vositalarining mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmayotganligi sababli ichki bozorning asosiy qismini hamon import yo‘li bilan olib kiriladigan mahsulotlar tashkil qilmoqda. Aksariyat dorixonalarda dorilarning Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan retseptlar bo‘yicha sotilishiga rioya qilinmayapti.

Tadbirda dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosi qoidalarini buzganlik uchun mas’uliyatni kuchaytirish hamda sohani jadal rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar yuritildi. Aholi va davolash muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta’minlashning muhim masalalari va xalqaro tajriba muhokama etildi. Farmatsevtika sohasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning muhim jihatlariga e’tibor qaratildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA