Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirida oʻqituvchi va murabbiylar, olimlar, parlament va hukumat vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, hududlardagi soha fidoyilari marosimni Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi studiyalardan kuzatib bordi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ustozlarni ushbu ayyom bilan qutladi.
Taʼkidlash joizki, ushbu bayram ilk bor davlat rahbari ishtirokida oʻtdi. Bu – taʼlim va tarbiya masalasi alohida ustuvor yoʻnalish darajasiga koʻtarilganining yaqqol dalili.
– Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻqituvchilik sharafli, ayni paytda oʻta masʼuliyatli va murakkab kasb. Yurtimizda mazkur kasb egalariga hurmat va ehtirom koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlar pedagoglardan oʻz ishiga yana-da sadoqat va fidoyilik bilan yondashishni, keng va zamonaviy tafakkur sohibi boʻlishni talab etmoqda. Maktabgacha taʼlim hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida amalga oshirilgan ishlarni ham alohida eʼtirof etish joiz.
Haqiqatan ham, inson tarbiyasida, kamolotida ustozlarning xizmatlari ulugʻ. Bu yilgi pandemiya bilan bogʻliq qiyin sharoitda ham jonkuyar oʻqituvchilar oʻz ishini davom ettirmoqda. Aksariyat maktablarda yangi oʻquv yili boshlandi. “Onlayn maktab” loyihasi va masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Taʼbir joiz boʻlsa, bugun oʻqituvchilar ikkita frontda kurash olib bormoqda.
Prezident tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi, XV asrda ikkinchi Renessans porlaganini taʼkidladi.
– Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar, – deya taʼkidladi Prezident.
Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan maʼrifatparvarlar Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, mamlakatimizda taʼlim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi, oʻquvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishdagi katta xizmatlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh ustoz va murabbiylar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini taʼkidladi.
– Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, – dedi Prezident. – Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak.
Qayd etish lozimki, bu galgi bayram tadbiri oʻziga xos tarixiy muloqot shaklida oʻtdi, deyish mumkin.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqan ustoz va murabbiylar taʼlimdagi muammolarga yechim topish, sohani yana-da rivojlantirishga oid amaliy takliflarini bildirdilar.
Prezidentimiz har bir rahbar oʻz hududidagi, ayniqsa, qishloqlardagi maktablar holatidan doimiy xabardor boʻlishi, u yerdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishi lozimligini taʼkidladi.
– Biz koʻzi yonib turgan isteʼdodli yoshlarga sharoit yaratmasak, hech qachon maqsadga erisha olmaymiz. Agar olingan bilim puxta boʻlsagina diplom oʻz kuchini koʻrsatadi. Buning uchun yoshlarga maktabda sifatli taʼlim berish lozim. Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA