So‘nggi yillarda yurtimizdagi qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘z faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib bormoqda. Ularning soni yana bittaga ko‘paydi – Milliy tibbiyot markazi ISO 9001:2015 sertifikatiga ega bo‘ldi. Bu sifatni yaxshilash va mijozlarning talablariga javob berishda xalqaro e’tirof etilgan standart bo‘lib, markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Markazga ASTRAIA Certification, s.r.o. tashkiloti tomonidan mazkur maxsus sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

– Bu markazimizning sifat menejmenti tizimi xalqaro standartlarga muvofiq ekanini tasdiqlaydi, – deydi Milliy tibbiyot markazi matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonova. – Aytish kerakki, 60 dan ortiq mamlakatda e’tirof etilgan ASTRAIA sertifikatlash organi nazorati ostida amalga oshirilgan ushbu sertifikatlash jarayoni muassasada tibbiy xizmatlar va jarayonlar sifatini oshirish yo‘lida muhim qadamdir.

Ushbu sertifikatsiyaga tayyorgarlik jarayonida Germaniyadan ekspert Doris Kurshayd jalb qilingan bo‘lib, u barcha ichki jarayonlarni ISO 9001:2015 talablariga muvofiqlashtirishda ko‘maklashdi. Uning ta’kidlashicha, Milliy tibbiyot markazi har tomonlama ushbu sertifikatni olishga loyiq bo‘lgan muassasadir.

Tadbir davomida mazkur sertifikatni olishda jonbozlik ko‘rsatgan markaz xodimlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, shu yil boshida ishga tushirilgan markaz tibbiyotimizning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan. 500 o‘ringa mo‘ljallangan majmuada 200 ga yaqin turdagi 1000dan ziyod ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Bu yerda yiliga 6 mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratilgan.

Tibbiyot muassasasi Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA