Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi konferensiyasi doirasida Butunjahon diniy yetakchilari global sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov ishtirok etmoqda.
Anjuman Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Dastlab Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning sammit ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrishning videomurojaati namoyish etildi.
“Jahon dinlari yashil sayyora uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan nufuzli tadbirda dunyoning 60 dan ziyod davlatidan 300 nafarga yaqin hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din va davlat arboblari, taniqli diniy yetakchilar, olimlar va ekspertlar qatnashmoqda.
Tadbirning birinchi kunida global iqlim o‘zgarishining sabab va oqibatlari, tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish masalalari muhokama qilinib, bu borada barcha diniy konfessiyalar vakillari oldida turgan vazifalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari M.Komilov ma’ruza qilib, mintaqada, xususan mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni yanada boyitish yuzasidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar, o‘ziga xos tajribalar haqida so‘z yuritdi.
Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, unda turli diniy konfessiya va milliy markazlar vakillarining faol ishtiroki, loyiha doirasida har yili yurtimizda 200 million tup daraxt ekilib, yangi yashil hududlar barpo etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sammit ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar, yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar va ilg‘or tashabbuslar yuqori baholandi.
N.Usmonova,
O‘zA