Mazkur xabarlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlandi.
Albatta, bu holat mamlakatning yaqin qoʻshinisi boʻlgan Oʻzbekiston uchun ham epizootik barqarorlik boʻyicha anchayin xatarli hisoblanadi. Negaki, xalqimizda “Qoʻshnning tinch – sen tinch” degan maqol bor. Yaʼni, yaqin hamsoyalarimizda yuzaga kelgan salbiy epizootik vaziyat yurtimizga taʼsir oʻtkazmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Shu bois, OʻzA muxbiri mamlakatimizdagi epizootik vaziyat xususida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Jabborovga murojaat qildi.
– Qozogʻiston shimolida tarqalgan parranda grippi malakatimizning chegara hududlariga ham yetib kelgan deyishayapti. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin?
– Darhaqiqat, joriy yilning 9-16-sentyabr kunlari Shimoliy Qozogʻistonning yettita tumanida uy parrandalari orasida yuqori patogenli gripp kasalligi qayd etilganligi rost. Lekin janub tomon “siljiyotganligi” borasida qozoq hamkasblarimiz axborot almashib turibmiz. Ularning oʻzida bu holat qattiq nazoratga olingan va Xalqaro hayvonlar sogʻligini himoya qilish tashkiloti tomonidan kasallik tarqalishining kundalik montoringi yurtilayapti…
– Yurtimizga kirib kelishining oldini olish boʻyicha ham chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlsa kerak…
– Kasallikning Qozogʻistonda qayd etilgan kuniyoq mamlakatimizning Bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan respublikamiz hududiga kasallik qayd etilgan mamlakatlardan parranda va parrandachilik mahsulotlarining kirib kelishiga vaqtinchalik taqiq qoʻyildi. Xatarning oldini olish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Jumladan, yurtimizdagi barcha xoʻjalik subyektlarida parvarish qilinayotgan 93,1 mln. boshdan ziyod parrandaning saqlash sharoiti yopiq rejimga oʻtkazildi. Yaʼni, ularning yovvoyi parrandalar bilan aloqasi uzilib, bioxavfsizlik choralari koʻrildi.
Ayni paytda hayvon kasalliklarining chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar, birinchi navbatda qoʻshni respublikalar bilan chegaradosh hududlarda amalga oshirilmoqda. Yovvoyi hayvonlarning poda harakati va parrandalarning migratsiyasi boʻyicha davlat veterinariya nazorati kuchaytirildi.
– Shu oʻrinda dunyodagi epizootik vaziyat xususida ham toʻxtalsangiz…
– Xalqaro hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkilotining maʼlumotiga koʻra, 2020-yilning oʻtgan davri mobaynida dunyoning 6 ta davlatida 25 holatda oqsil, 21 ta davlatda 7327 holatda choʻchqa oʻlati, 2 ta davlatda 4 holatda qoʻy-echki chechagi, 20 ta davlatda 487 holatda yuqori patogenli parranda grippi, 5 ta davlatda 54 holatda qoʻylarning blyutang, 3 ta davlatda 9 holatda parrandalarning Nyukasl, 1 ta davlatda 1 holatda tuberkulyoz, 2 ta davlatda 5 holatda kuydirgi, 4 ta davlatda 35 holatda nodulyar dermatit, 1 ta davlatda 4 holatda mayda mollar oʻlati, 6 ta davlatda 97 holatda quturish va boshqa tur kasalliklar aniqlangan.
Mamlakatimizda hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari kelib chiqishi va chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida epizootiyaga qarshi tadbirlarni uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun 1129 ta ishchi guruhi tuzilib, 4194 ta mutaxassis va xodim biriktirildi. Ular tomonidan shu kungacha 33,5 mln. bosh chorva mollarining 85-95 foizi kuydirgi, nodulyar dermatit, brutsellyoz va boshqa yuqumli kasalliklarga hamda 2,2 mln. bosh it va mushuk quturish kasalligiga qarshi emlandi.
Shu bilan birga 5,7 mln boshdan ziyod chorva mollari brutsellyoz va tuberkulyoz kasalliklariga diagnostik tekshirildi.
– Chorva obyektlarini dezinfeksiya qilish ishlari ham epizootik tadbirlar sirasiga kirsa kerak…
– Albatta! Shu paytga qadar Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining kelib chiqishini bartaraf etish maqsadida 13,5 mln bosh qoramol va 18,5 mln bosh mayda mol ektoparazitlarga qarshi choʻmiltirilib, chorva mollari saqlanadigan 896 mingta binoda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy xizmatlari bilan birgalikda hayvonlarning yuqumli kasalliklari kelib chiqishi sabablari, uning oldini olish hamda chorva hayvonlarini oʻz vaqtida emlatish borasida keng koʻlamli tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Zero, kasallikning emas, xatarning oldini olgan maʼqul!