AQSH kompaniyasi Oʻzbekiston fuqarolari uchun masofadan turib ishlash taklifini bildirmoqda

Buxoro viloyati hokimligida Prezidentimizning 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimi oʻrinbosari B.Shahriyorov ishtirokida Rossiya Federatsiyasining Moskva va Krasnoyarsk shaharlaridagi yirik sanoat korxonalari ish beruvchilari bilan videokonferens aloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali, butunjahon oʻzbek tashkilotlarining xalqaro kongressi –“World Congress of the Uzbek Associations”, Krasnoyarsk shahridagi “Sodrujestvo uzbekistansev” ijtimoiy-huquqiy adaptatsiya qilish jamoat tashkiloti vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Moskva va Krasnoyarsk shahridagi korxonalarda Buxoro viloyatidan ishga jalb qilinadigan mehnat migrantlariga kasb va til oʻrgatish, ularga sharoitlar yaratish, hujjatlarni ish beruvchi rasmiylashtirishi kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida 2020-2021-yillarda buxorolik mingga yaqin fuqarolarni Moskva va Krasnoyarsk shaharlarida ishga joylashtirish shartnomalari xususida kelishib olindi.

photo_2020-09-30_13-15-48.jpg

Bundan tashqari, AQSHning Pensilvaniya shtatidagi “ETL GROUP” kompaniyasi bosh direktori A.Moxov tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarini masofadan turib ishlashga jalb qilish taklifi koʻrib chiqildi.

Buning uchun fuqarolardan ingliz tili va kompyuter dasturlarini mukammal bilish talab etiladi. Fuqarolarni broker kasbi boʻyicha ishga jalb etish nazarda tutilgan boʻlib, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillarni oʻrgatuvchi markazlar tashkil etish belgilandi.

Uchrashuvda ayni paytda Krasnoyarsk shahrida ishlayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlari bilan suhbat tashkil etilib, Oʻzbekistonda qonuniy mehnat migratsiyasini yana-da takomillashtirish, mehnat migrantlari uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida maʼlumot berildi.

 

O’zA