Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar tahlil qilindi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet va nafas aʼzolari kabi yuqumli boʻlmagan, kasalliklar dunyo boʻyicha global muammoga aylanib, inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda. 
Bugungi kunda Oʻzbekistonda ham mazkur kasalliklardan aziyat chekayotgan insonlar soni oshib bormoqda. Maʼlumki, yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga notoʻgʻri ovqatlanish, nosogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik yetarli boʻlmasligi, tamaki va alkogol mahsulotlarini surunkali isteʼmol qilish, ortiqcha tana vazni, meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda isteʼmol qilmaslik va boshqalar kiradi.
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tomonidan 2019-2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari dasturining ijrosini taʼminlash boʻyicha onlayn anjuman tashkil etdi.
Yurtimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashishda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2018-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va qarori bilan tasdiqlangan “2019-2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi” hamda “2019-2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari dasturi” sohani rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Sohani isloh qilish doirasida mazkur markaz va uning hududiy boʻlimlari tashkil etilgan boʻlib, ushbu tizimda 800 dan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda. Sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, umrni uzaytirish va aholi salomatligini mustahkamlashga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va tavsiyalarni tatbiq etishga koʻmaklashish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavf omillarini oʻrganish, sifatning zamonaviy xalqaro standartlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalash, bu borada ommaviy tadbirlarni oʻtkazish markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilangan.
Mazkur yoʻnalishda muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga JSSTning bir qator yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollari, standartlari hamda tavsiyalarining talablari joriy qilingan. Qirq va undan katta yoshdagi aholida noinfeksion kasalliklarning xavfli omillari boʻyicha skrining tadbirlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻtgan davrda 829 ming 689 nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Shundan, 11,5 foizida yurak-qon tomir kasalliklari, 4,5 foizida qandli diabet, 2,8 foizida oʻpkaning surunkali kasalliklari, 1 foizida oʻsma kasalliklari hamda 8,7 foizida boshqa kasalliklar oʻz vaqtida aniqlangan.
Markaz tomonidan mutasaddi vazirliklar bilan qoʻshma qaror qabul qilinib, joylarda aholi orasida sogʻlom turmush tarzini yuritishni keng targʻib qilish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida “Salomatlik maktab”lari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Tibbiyot va tibbiy taʼlim muassasalarida haftaning shanba kuni “Salomatlik kuni” deb belgilanib, jismoniy tarbiya ommaviy tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Shuningdek, “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining gigiyenik normativlari” yangidan qabul qilingan.
Xalq vakillari tomonidan korxona va muassasalarda sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikni amalga oshirish boʻyicha yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish va ularga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Jamoatchilik nazorati kengashini tuzish, sogʻlom turmush tarziga rioya qilishga ongli ravishda yondashishga erishish uchun targʻibotning innovatsion usullarini joriy etish boʻyicha takliflar bildirildi.

 

M.Toshqorayeva, OʻzA