Davlat test markazi tomonidan barcha abituriyentlarning test sinovida toʻplagan natijalari boʻyicha ishlar yakuniga yetgan.
Lekin joriy yilda koʻplab imtiyozlar (harbiy xizmatchilarning farzandlari, IIV organi xodimlari farzandlari, harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasi, xotin-qizlar va Soʻx tumani uchun ajratilgan qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari va boshqalar) ham test sinovlari orqali talabalikka qabul qilinadigan taʼlim yoʻnalishlariga, ham kasbiy (ijodiy) imtihon orqali qabul qilinadigan taʼlim yoʻnalishlariga tatbiq etilayotganligi hamda kasbiy (ijodiy) imtihonlar 20-sentyabrga qadar davom etganligi sababli, tanlov natijalarini hisoblash ishlari endi yakunlanmoqda.
Hozirda barcha oliy taʼlim muassasalaridan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari yagona bazaga yigʻilmoqda va bu natijalar test sinovlari natijalari bilan birga hisoblanmoqda.
Mazkur jarayon yakuniga yetgach, abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
OʻzA