Xususan, “Marmara Grubu” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi prezidenti, doktor Akkan Suver quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy zukkoligi va boshqaruv sohasidagi qatʼiyati nafaqat zamonamizdagi oʻta murakkab masalalarining keng qamrovli yechimini izlashida, balki ularni hal etish boʻyicha tezkor, aniq choralarni ishlab chiqa olishida namoyon boʻladi.Bunda Oʻzbekiston rahbarining dolzarb masalalar boʻyicha yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surib, butun jahon hamjamiyatini bezovta qilayotgan muammolarni tinch yoʻl bilan, birgalikda va adolatli hal qilish uchun jon kuydirishi nihoyatda muhimdir. Bu yangi tashabbuslardan kelib chiqadigan takliflarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va majburiyatlarni bajarish uchun dastlabki shart-sharoitni shakllantiradi.Taʼkidlash joizki, Bosh Assambleyaning 75-sessiyasi obyektiv ravishda butun Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida eng muhim hodisa hisoblanadi. Ushbu tadbirda ishtirok etgan davlat rahbarlarining deyarli barcha chiqishlari tarixiy xarakterga ega. Ammo, koʻpchilikda aynan Oʻzbekiston rahbarining videomurojaati katta qiziqish uygʻotdi. Bu mamlakatingizning Markaziy Osiyoda tutgan alohida oʻrni, uning demografik, iqtisodiy va umuman geostrategik nuqtayi nazardan tobora ortib borayotgan salmogʻi tufayligina emas.
Bu oʻrinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻtarilgan “Yangi Oʻzbekiston”ni shakllantirish boʻyicha umummilliy shior va “Uchinchi Renessans”ning boshlanishi kabi butunlay yangi mazmundagi gʻoyalarni ilgari surish va amalga oshirishni koʻzda tutishi muhim mohiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning favqulodda ishtirokchisi, mamlakat ichida boʻlgani kabi undan tashqarida ham ilgari surilayotgan yangidan-yangi gʻoyalar koʻrinishida namoyon boʻlayotgan yangilanishlar va modernizatsiyaning bitmas-tuganmas energiyasi qaynab chiqayotgan manbasiga aylanmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, “Yangi Oʻzbekiston” siyosati mamlakatdagi chuqur islohotlar jarayoniga va uning insoniyatning muhim muammolarini hal qilish boʻyicha jahon hamjamiyati bilan birgalikdagi harakatlariga kuchli turtki bergan holda, xalqaro munosabatlar tizimidagi noyob tajriba sifatida tobora ortib borayotgan salohiyatini namoyish etmoqda. Shu munosabat bilan, “Yangi Oʻzbekiston” modeli tubdan va keng qamrovli islohotlarning mamlakatni modernizatsiya qilish uchun ham, shu kabi oʻzi ishtirok etayotgan xalqaro munosabatlar tizimini rivojlantirish uchun ham bebaho qadr-qimmatini tasdiqlaydi.
Shu sababli Oʻzbekistonning birinchi navbatda amalga oshirilishi kerak boʻlgan masalalari qatorida nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki Orol dengizining qurishi oqibatlari, Afgʻonistondagi qurolli ziddiyatga qarshi kurash, shuningdek, Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, yosh avlodni tarbiyalashda huquqiy asoslarni mustahkamlash va amaliy ahamiyatga ega boshqa muhim masalalarni hal qilishda xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangani bejiz emas.
Bizning fikrimizcha, nutqda ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro tizim uchun oʻta maqsadga muvofiqdir, va u Millatlar Hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, Oʻzbekistonning takliflarini har tomonlama oʻrganish va mazkur yoʻnalishda birgalikda faoliyat olib borishga tayyor ekanligiga ishonchimiz komil.
OʻzA