Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasi koronavirus pandemiyasi davriga toʻgʻri keldi.
Dunyo mamlakatlari yetakchilari tashkilotning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohiga virtual tarzda “tashrif buyurishdi”. Bu qaror, ayniqsa, Eron va KXDR vakillariga juda qoʻl keldi: ular Amerika vizasini qanday olish, protokol xizmatiga esa prezidentlar ish jadvali boʻyicha kelishuvga erishish toʻgʻrisida koʻrsatma berishdan “qutuldi”.
Tan olish kerak, bunday usulda “koʻrishish”ning oʻziga xos minus tomonlari ham bor. Masalan, ayrim davlatlar rahbarlari oʻzlari xohlagan hamkasblari bilan tanaffuslarda dildan suhbatlashish yoki xufiyona “sirlashish” imkoniyatidan mahrum boʻlishdi. Umumiy ekranda eng dolzarb mavzu –epidemiya va inqirozning iqtisodiyotga salbiy taʼsiri muhokamasiga nisbatan koʻproq vaqt ajratilyapti.
Virtual munozaralar
“Hammamiz uchun zarur va BMT ham xohlaydigan kelajak!”. BMTning bu yilgi sessiyasi uchun ushbu shiorni tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish taklif etdi. Keyinchalik Bosh Assambleya yana bir bor uchrashuv uchun videokonferensiya usulini tanlashi amrimahol, chunki bu gal boshqa yoʻl yoʻq. Qarorgoh joylashgan Nyu-York – epidemiyaning qoq markaziga borish uchun tavakkal qiladiganlar kam topilardi. Qolaversa, anjumandan qaytgach, ikki haftalik karantinda oʻtirish ham hech kimga maʼqul emas.
Shuning uchun Bosh Assambleya davlat rahbarlariga oʻz maʼruzalarini video shaklida taqdim etishni tavsiya qildi. Zalga oʻrnatilgan katta ekran orqali chiqishlarni kam sonli ishtirokchilar – har bir mamlakatdan bir nafardan vakil kuzatmoqda. Sessiyada bevosita qatnashayotgan vakil va davlat rahbarining soʻzi uchun jami 15 daqiqa vaqt ajratiladi. Garchi, nutqlar avvaldan yozib tayyorlab qoʻyilgan boʻlsa-da, baribir aksariyat notiqlar reglamentni buzishdi.
“Xitoycha” virus
AQSH Prezidentining murojaati juda qisqa boʻldi – 7 daqiqadan sal oshdi. Masalan, u uch yil oldingi majlisda 41 daqiqa gapirgandi. Shunga qarmay, Trampning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft bu boʻshliqni toʻldirib yubordi. U Prezident maʼmuriyatining xalqaro maydondagi xizmatlarini sanab oʻtish maqsadida uzoq soʻzladi: Isroil bilan kelishuv, Serbiya va Kosovo oʻrtasidagi muzokara, Suriyaning Idlib viloyatida oʻt ochishning toʻxtatilishi ham yoddan koʻtarilmadi.
Donald Tramp maʼruzasini pandemiya mavzusidan boshladi. Koronavirusni “Xitoyniki”, deb atadi va Pekin shaʼniga keskin ayblovlar yogʻdirdi. Bundan tashqari, BMTni haqiqiy muammolar, yaʼni oʻzining taʼkidlashicha, terrorchilik, xotin-qizlarning kamsitilishi, majburiy mehnatga tortilish, narkotrafik, odam savdosi, etnik tozalash, diniy omillar tufayli taʼqib kabi masalalar bilan shugʻullanishga chaqirdi.
Trampdan soʻng darhol “minbarga chiqqan” XXR Raisi Xitoy koronavirusning kelib chiqishi va kasallikning tarqalish yoʻllarini aniqlash boʻyicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. “Biz bundan keyin ham hamkorlar bilan bu borada tashhislash, davolash usullari yuzasidan tajriba almashamiz, ehtiyojmand davlatlarga yordam beramiz”, – vaʼda berdi Si Szinpin. Uning soʻzlariga qaraganda, hozirdayoq bir necha Xitoy vaksinasi klinik sinovning uchinchi bosqichini oʻtayapti.
Pandemiya oldida mamlakatlar bir yoqadan bosh chiqarib, saʼy-harakatlarni birlashtirishi kerak, deya taʼkidladi u. Chin yurti yetakchisi ayni muammoni hal etishda Tramp tomonidan doimo tanqidga uchraydigan JSSTning esa “hal qiluvchi va rahbarlik” rolini qayd etdi.
“Xitoy dunyoning eng yirik va rivojlangan davlatlaridan biri. Biz hech qachon gegemonlikka, ekspansiyaga va taʼsir doirasini shakllantirishga urinmaymiz. Biz hech kimga qarshi urush ochishni niyat qilayotganimiz yoʻq – sovuq urushni ham, issiq urushni ham xohlamaymiz”, — deya oʻz soʻzini yakunladi XXR Raisi.
Prinsipial xususiyatga ega yangicha chaqiriq
Rossiya Prezidenti ham, xuddi hamkasblari kabi murojaatini oldindan yozib, tayyorlab qoʻygan edi. Putin Bosh Assambleya yigʻilishida oxirgi bor 5 yil oldin jonli chiqish qilgan. Oʻshanda u oʻz shafqatsizligi bilan sivilizatsiya sari odimlayotgan insoniyatni qoʻrquvga solayotgan terrorchi guruhlarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish zarurligini aytgandi.
Mazkur chiqish 2015-yil 28-sentyabrda qilingan. Shu oyning 30-sanasida esa Rossiya aerokosmik kuchlari Suriya hududidagi jangarilar pozitsiyalariga dastlabki bombalarni yogʻdirgan. Rossiya harbiy havo kuchlarining bu harakati vaziyatni Damashq foydasiga oʻnglab, terrorchilarni chekinishga majbur etgandi.
Vladimir Putin bu galgi nutqini ikkita yubiley – Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalaba va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganining 75 yilligini eslashdan boshladi. Bugungi anchayin ayyorona va nozik xususiyat kasb etgan jahon siyosati davrida BMT oʻzining bosh missiyasi – tinchlikni asrash vazifasini munosib bajaryapti, deb hisoblaydi Rossiya Prezidenti. Tashkilotni qaytadan shakllantirish masalasiga oid munozaralar boʻyicha esa Moskva tashkilot Xavfsizlik Kengashi barcha davlatlar manfaatini koʻproq inobatga olishi va shu bilan birga, xuddi avvalgidek, global boshqaruv tizimining asosiy boʻgʻini boʻlib xizmat qilishi kerakligini uqtiradi.
“Barchamiz prinsipial xususiyatga ega yangicha chaqiriqqa – koronavirus pandemiyasiga duch keldik, – deya ikkinchi mavzu boʻyicha nutqini davom ettirdi Putin. – Karantin, chegaralar yopilishi, yer yuzining deyarli barcha mamlakatlarida fuqarolar uchun koʻplab ogʻir muammolar vujudga kelishi – bularning bari bugungi kunning ochiq, yaqqol haqiqati”.
Epidemiya va ushbu holat bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy talvasa koʻlamini hali toʻla-toʻkis, aniq baholay olganimiz yoʻq. Baribir, global iqtisodiyotni tiklash juda qiyin kechishi va juda uzoq muddat talab etishi allaqachon maʼlum boʻlib qoldi. Achinarlisi, bu gal avvalgi holatlarda qoʻllangan inqirozga qarshi choralar kutilgan samarani bermasligi tayin, deb hisoblaydi Rossiya Prezidenti. Hozir yangicha, nostandart qarorlar qabul qilish talab etiladi. Bunday qarorlarni mamlakatlar faqat birlashibgina ishlab chiqishi mumkin. Bu BMT hamda “yigirmatalik” davlatlari zimmasidagi vazifa.
Putin ishtirokchilar eʼtiborini yana bir muammoga – birinchi navbatda eng zarur mahsulotlar, dori-darmon, shaxsiy himoya vositalari uchun savdo urushlari va sanksiyalardan xoli boʻlgan yashil yoʻlaklar ochish masalasiga qaratdi. Toʻgʻri, umuman, jahon savdosini turli toʻsiqlardan, noqonuniy sanksiyalardan butunlay tozalash ham global oʻsish, ishsizlikni kamaytirish yoʻlidagi dadil qadam boʻlishi mumkin. “Bu haqiqatan ham juda oʻtkir va global ijtimoiy muammo. Shuning uchun siyosatning ayni damdagi missiyasi savdo yoʻllarini ochish, qoʻshma loyihalar va halol raqobatni shakllantirishdir, biznesning “qoʻlini bogʻlash” yoki ishbilarmonlik tashabbuslarini boʻgʻish emas”, – deya keskin fikr bildirdi Putin.
Rossiya yetakchisi murojaati davomida yana bir qator muhim va dolzarb global muammolarni koʻtararkan, soʻzi yakunida Rossiya, AQSH, Xitoy, Fransiya va Buyuk Britaniyadan iborat “Katta beshlik” sammitini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bundan koʻzlangan maqsad xalqaro ishlarni yuritishning asosiy tamoyillarini tasdiqlash, zamonning dolzarb muammolarini samarali hal etish yoʻllarini ishlab chiqishdan iborat boʻladi. Mazkur tashabbusni barcha ishtirokchilar qoʻllab-quvvatladi. Endi Moskva epidemiologik vaziyat izga tushishi bilan yuqori darajadagi uchrashuvlarni bevosita uyushtirishni koʻzlamoqda.
Gʻayrat XONNAZAROV tayyorladi. OʻzA