Prezidentimizning 2018-yil 6-noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan Orolbӱyida baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion usullarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Super baliqlar” fermer xoʻjaligi intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, baliqchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish borasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.
Dastlab 8 gektar, 2019-2020-yillarda 105 gektar yer maydonida sunʼiy hovuz yaratildi. Fermer xoʻjaligida baliqlarni sunʼiy urchitadigan inkubatsiya, yem ishlab chiqarish binolari, nasos stansiyasi ishga tushirilgan boʻlib, jami 2 milliard 225 million 282 ming soʻm mablagʻ sarflandi.
Bugungi kunda fermer xoʻjaligida 11 dona texnika mavjud. “Ipoteka bank” tomonidan olingan 1 milliard 115 million soʻm kredit hisobidan xizmat koʻrsatuvchi 2 dona buldozer xarid qilindi. Qolgan 9 dona ekskavator va traktor taʼsischining 667 million sӱmdan ziyod mablagʻi evaziga sotib olindi.
Rossiya Federatsiyasidan quvvati bir mavsumda 300 million baliq chavogʻini yetkazib beruvchi inkubatsiya uskunasi olib kelib oʻrnatildi. Sexda sazan, oq amur va doʻngpeshona zotli baliqlar urchitilib, joriy yilning birinchi yarimida 50 million donadan ortiq chavoq yetishtirildi. Bundan tashqari, Xorazm va Buxoro viloyatlariga 35 million donadan ortiq baliq chavogʻi shartnoma asosida yetkazib berildi. Kelgusida mamlakatimizning 6 ta viloyatini baliq chavogʻi bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda fermer xoʻjaligida 17 ta doimiy ishchi oʻrni yaratilgan. Inkubatsiya toʻliq ishga tushurilganidan soʻng 50 nafar kishi, asosan yoshlar doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA