Maʼlumki, kasallikka chalinmaslik yoki uni yengil oʻtkazishda immunitet muhim oʻrin tutadi.
Maktab oʻquvchilari immuniteti zaifligiga koʻpincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress sabab boʻladi. Vitaminlar tanqisligini toʻgʻri ovqatlanishni tashkil qilish yoʻli bilan oldini olish mumkin. Yarim tayyor taomlar (fasfud) koʻpincha bolalarga zarur boʻlgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga toʻsqinlik qiladi. 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning oʻzida oʻsish va oʻrganish vazifalari turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida eʼtibor talab etadi.
– Bola kuniga kamida 4-marta ovqatlanishi kerak, – deydi Koronavirusga qarshi kurash shtab aʼzosi Barno Abdusamatova. – Agar bolada ozgʻinlik yoki ortiqcha vazn boʻlsa, shifokor maslahati zarur.
Sport bilan shugʻullanadigan oʻquvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzilishi talab etiladi. Yodlangan tuzni doimiy isteʼmol qilish, suv ichish rejimiga amal qilish va ovqatlanish ratsioni vitanimlarga boy boʻlishi kerak.
A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yoʻllarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yongʻoqlar, albatta, bolalar ratsionida boʻlishi maqsadga muvofiq.
Toʻgʻri ovqatlanishni tashkil qilishdagi birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam va jadvalga muvofiq boʻlishi kerak.
M.Qosimova,OʻzA