Metrologiya xizmatini takomillashtirish istiqbollari

Nukusda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti davlat korxonasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida metrologiya xizmatini koʻrsatish tartibini takomillashtirishga oid amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktori oʻrinbosari M.Jalilov va boshqalar mamlakatimizda metrologiya sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, kundalik hayotimizda foydalanayotgan har qanday narsaning aniq oʻlchami va ularni aniqlaydigan asbob-uskunalar mavjud. Oʻlchamlarni toʻgʻri amalga oshirish esa aniq hisob-kitoblarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi, toʻgʻri va aniq oʻlchashni taʼminlovchi soha – bu metrologiyadir. Mamlakatimizda metrologiya xizmatini koʻrsatish yildan-yilga rivojlanib bormoqda.
Joriy yilning 7-aprel kuni “Metrologiya toʻgʻrisida”gi (yangi tahrirda) Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan boʻlib, uning 13-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga doir normativ hujjatlar sifatida bajarish, oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish va kalibrlash uslubiyotlari, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish belgilab qoʻyilgan.
Shu bilan birga, metrologik tekshiruv oʻtkazish boʻyicha berilgan vakolatlarga aniqliq kiritildi. Yaʼni vaqt sarfi va harajatlariga taʼsir koʻrsatuvchi toʻsiqlar bekor qilinishi orqali xizmat koʻrsatish muddatini ikki barobargacha qisqartirishga erishilib, taqdim etilayotgan hujjatlar soni ikki yarim martaga kamaytirildi hamda ularni elektron shaklda taqdim etish imkoniyati yaratildi. Yana bir muhim jihat, metrologik tekshiruv natijalari rasmiylashtirish blankalari qalbakilashtirilishi oldi olinadigan boʻldi.
Mamlakatimizda oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash tizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, shuningdek, metrologiya xizmatlari koʻrsatishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida joriy yilning 20-avgustida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu jarayonlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Qarorga muvofiq oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan, metrologik attestatsiyadan, qiyoslashdan, kalibrlashdan va sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish qoidalari tasdiqlandi. Bu esa, sohadagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, metrologik xizmatlarning amalga oshirilishi shaffofligini taʼminlash, shuningdek, metrologiya organlarining masʼuliyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Metrologiya xizmatini koʻrsatishda amalga oshirilayotgan islohotlar sohadagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarning bartaraf etilishini, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatini va ularning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlaydi.
Tadbir ishtirokchilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA