Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani markazi oʻtgan asrning 60 yillarida mamlakatimizning yagona port shahri boʻlgan.
Orol dengizining sharqiy qismi sohillarida joylashgan shahar atrofi toʻliq dengiz bilan oʻralgan edi.
Shu bois shahar aholisi mamlakatimizning boshqa hududlari bilan faqat havo kemalari orqali bogʻlanar edi. Bunda Moʻynoq aeroporti kichik shaharning katta darvozasi sifatida xizmat qilardi. Keyinchalik dengiz chekingach, quruqlik orqali Moʻynoq markazidan Qoʻngʻirot shahrigacha 100 kilometrlik avtomobil yoʻli qurildi. 1990-yillarga borib Moʻynoq aeroporti faoliyatini deyarlik toʻxtatdi.
Dunyoning qitʼalar ichida kattaligi boʻyicha toʻrtinchisi boʻlgan Orol oʻtgan yarim asr davomida oʻz hududini sahro qumlariga boʻshatib berdi. Natijada yillar davomida respublikamizning chekka hududida joylashgan ushbu shaharda infrastrukturani rivojlantirish, aholi farovonligini taʼminlashga yetarlicha eʼtibor qaratilmadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning barcha hududlari qatori Moʻynoq tumani va markaziga ham tashrif buyurib, shaharni rivojlantirish, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrishga koʻrsatma bergan edi. Shundan soʻng dastlab uzoq yillar davomida aholi uchun tuman markazidagi eng katta muammolardan biri boʻlgan ichimlik suvi masalasi yechildi.
2017-yil “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan Qoʻngʻirot tumani markazidan Moʻynoq shahrigacha boʻlgan 101 kilometrlik hududga ichimlik suvi tortib kelindi va aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Prezidentimizning 2018-yil noyabr oyida tumanga tashrifidan soʻng moʻynoqliklar turmushi butunlay oʻzgarmoqda. Kichik shaharda katta-katta bunyodkorliklar amalga oshirila boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil yil 16-yanvarda “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ham hayotga tatbiq etildi. Dasturga koʻra, 2019 – 2021-yillarda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Quvonarlisi shundaki, bu ishlarga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ham munosib hissa qoʻshmoqda.
2019-yilda qariyb 30 yildan buyon foydalanilib kelinmayotgan, yillar davomida qarovsiz qolib, butunlay yaroqsiz holatga kelgan Moʻynoq aeroportini qayta qurish ishlari boshlandi. Unga koʻra, dastlab “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aeroportning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Shundan soʻng loyihaga asosan 167,4 gektar hududga ega aeroportda 2019-yilning dastlabki oylarida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Kapital qurilish direksiyasi, “Qoʻngʻirot mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi hamda “Shuraxon qurilish montaj” masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari va ishchi-xodimlari tomonidan 50 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan “VIP” terminali qurilishi boshlandi.
Shuningdek, aeroport atrofini metall konstruksiyalar bilan oʻrash ishlari ham olib borildi. Ushbu bunyodkorlik ishlarida qariyb 100 nafardan ortiq temiryoʻlchilar hamda oʻnga yaqin texnikalardan foydalanildi. –Moʻynoq aeroportini yangitdan qurib, foydalanishga topshirish avvalo, ushbu tuman transport infrastrukturasini rivojlanishi uchun qolaversa, tumanda yashayotgan 30 mingdan ortiq aholi uchun juda zarur edi, – deydi Kapital qurilish direksiyasi rahbari oʻrinbosari Shavkat Nurmatov. – Shu bois yangi aeroportni qurish ayni muddao boʻldi.
Endilikda Moʻynoq markaziga havo kemasi orqali nafaqat respublikamiz poytaxti va boshqa viloyatlardan yoʻlovchilar, balki xorijlik turistlarning ham kelib ketishiga ham xalqaro talablarga mos sharoit yaratildi. Demakki, ushbu aeroport Orol dengizini koʻrish uchun kelgan sayyohlar katta qulaylik boʻdi. Bu yerda olib borilayotgan qurilish ishlari toʻliq yakuniga yetib, unga koʻra 50 oʻringa moʻljallangan “VIP” terminali binosi qurib bitkazildi. Ushbu 1 qavatli bino oʻlchami 36 metrga 36 metr boʻlib, umumiy balandligi 8,6 metrdan iborat. Majmuaning ichki va tashqi qismi zamon talablariga mos tarzda bunyod etilib, sifatli va mustahkam qurilish materiallaridan foydalanildi, majmuaning barcha hududlari elektron eshiklar bilan taʼminlandi.
Terminal binosining tashqi va ichki qismi milliy meʼmorchilik asosida pardozlandi. Moʻynoq tumanining kontinental ob-havosidan kelib chiqib, binoning ichki qismida yozda salqin, qishda issiq harorat saqlanishi taʼminlanadi. Majmuaning kirish va ichki qismida mahalliy yoʻlovchilar va xorijlik turistlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Koʻrkam va yoruq kutish zaliga zamonaviy yoritgichlar oʻrnatilib, yoʻlaklar oq marmar toshlar bilan qoplandi. Oppoq devorlar milliy bezaklar bilan boyitilib, Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari hamda qoraqalpoq xalqining milliy madaniyati aks etgan koʻrkam suratlar bilan bezatildi. Yangi mebel jihozlari, isitish va sovitish tizimi, elektron maʼlumotnoma ham kutish zali koʻrinishiga yana-da fayz kiritdi.
Shuningdek, temiryoʻlchilar tomonidan aeroportning 9 kilometr uzunlikdagi hududi metall toʻsiqlar bilan oʻrab chiqildi. Shundan 8 ming 877 metrini 3D metall toʻsiqlar, 123 metrlik ganchli metall toʻsiqlar esa aeroportning oldi tomoniga oʻrnatildi. Majmua atrofidagi 3861 m2-maydonda olib borilgan obodonlashtirish ishlari ham maskanni yana-da koʻrkam holatga keltirdi. Transport harakati uchun asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari ham yuz foizga bajarilib, 700 m2dan iborat yashil maydonga zarur boʻladigan toza tuproq, sugʻorish uchun esa suv oʻtkazkich tizimi, 116 dona hudud iqlimi sharoitiga moslashgan archa va boshqa koʻchatlar ekildi.
Aeroportning 2,4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish va harakatlanish yoʻlaklarini qurish ishlari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan amalga oshirildi. Hududga signal chiroqlari va radiolokatsiya uskunalari ham oʻrnatildi. Taʼkidlash lozimki, 1947-yilda barpo etilgan 3-darajali “Moʻynoq” aeroporti taʼmirlinishiga qadar faqat An-2, An-24 va Yak-40 kabi kichik samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlar qabul qilinib, 1960-yillardan 1990-yillarning boshlarigacha Qoʻngʻirot, Nukus, Urganch, Taxtakoʻpir, Qozoqdaryo, Aspantay, Tulei aholi punktlari bilan kuniga 19 tagacha yoʻlovchi reyslari amalga oshirilgan. Toshkentdan ham haftasiga 3-marta samolyot qatnagan.
Yangi qurilgan aeroportga esa ilk marta salkam 30 yillik tanaffusdan soʻng “Uzbekistan Airways” kompaniyasi tomonidan Airbus A-320 samolyoti kelib qoʻndi. Sinov tariqasida amalga oshirilgan “Urganch – Moʻynoq” yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchilarni olib kelgan samolyot reysi muvaffaqiyatli qoʻnib, uchdi. Mamnuniyat bilan shuni aytish lozimki, bugun Moʻynoq aeroporti shaharning eng koʻrkam hududiga aylandi, shu bilan birga tumanda transport infratuzilmasini yaxshilab, sayyohlar oqimini ortishi va turizm sohasidagi ishlarni jadal ravishda rivojlanishiga hissa qoʻshishi shubhasiz.
Mazkur aeroport yaqin orada Nukus – Moʻynoq – Orol dengizi marshruti boʻyicha ham samolyot va vertolyotlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga imkon beradi. Kelgusida ushbu aeroport orqali nafaqat shaharlaralaro, balki xalqaro yoʻnalishlarda ham yoʻlovchi samoyotlarini qabul qilish va joʻnatish rejalashtirilgan. Mutaxassislarning aytishicha, yaqin orada Moʻynoq aeroporti foydalanishga topshiriladi.
Rustam HAYDAROV,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining
Axborot tahliliy media markazi mutaxassisi
O’zA