Onlayn: Testda ishtirok eta olmagan abituriyentga toʻlov qilingan mablagʻi qaytarib beriladimi?

Avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻtkazilayotgan test jarayonlarining dastlabki yakuniga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtmoqda.
Anjumanda qaysi holatda testda ishtirok eta olmagan abituriyentga toʻlov qilingan mablagʻi qaytarib berilishiga aniqlik kiritildi.
Qayd etilishicha, test sinovlarida ishtirok eta olmagan abituriyentlarning mablagʻi maxsus komissiya qarori ishlab chiqilgandan soʻng qaytarib berish masalasi hal etiladi.
Test sinovlari toʻliq yakunlanib, natijalar eʼlon qilingandan keyin abituriyentlarning ariza va shikoyatlari onlayn tarzda koʻrib chiqiladi.
Oktyabr oyi boshida apellyatsiya jarayonlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, jarayonni ota-onalar toʻliq kuzatish imkoni yaratiladi. Apellyatsiyada faqat abituriyentning oʻzi bevosita ishtirok etish imkoni beriladi. Ulardan qayta imtihon olinmaydi.
– Bu yil abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida test savollari birmuncha soddalashtirilganligi bois, natijalar oʻtgan yilga nisbatan baland koʻrsatkichga ega boʻldi. Agar savollar bundanda soddalashtirilsa, test sinovlariga hojat boʻlmaydi, – deydi Sardor Rajabov.
Brifingda taʼkidlanishicha, Samarqand viloyatida nazoratchining aybi bilan abituriyentlarning javob varaqasi almashib ketgan va nazoratchi test sinovlaridan chetlashtirilgan. Guruh nazoratchisi belgilangan tartiblarga rioya qilmaganligi uchun unga qarshi tegishli choralar koʻrilgan va ularning faoliyat koʻrsatadigan tashkilotiga ham bu haqda maʼlum qilingan.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA