Onlayn: Test natijalari qay tartibda eʼlon qilinadi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻtkazilayotgan test jarayonlarining dastlabki yakuniga bagʻishlangan matbuot anjumanida Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Barno Rajabovning maʼlum qilishicha, oliy taʼlim bakalavr yoʻnalishiga test sinovlari ijodiy va test tartibida boʻlib oʻtdi. Natijalar bir kunda eʼlon qilinadi.
Tez kunlarda abituriyentlar imtihon topshirgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻzlarining natijasini bilib olishi mumkin boʻladi.
Harbiy oliy taʼlim muassasalariga test sinovlaridan oʻtgan nomzodlar orasida davlat tomonidan berilgan imtiyozga ega abituriyentlar koʻpchilikni tashkil qiladi.
Pandemiya sababli aynan Covid-19 ga chalingan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmasa ularga qayta imkoniyat berish masalasi koʻrib chiqiladi. Koronavirusdan boshqa kasallik bilan ogʻrib, test jarayonlarida ishtirok eta olmagan abituriyentlarga test sinovlari qayta tashkil etilmaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida nogironligi boʻlgan abituriyentlar uchun oliy taʼlim muassasasi qabul kvotasining 2 foiz doirasida qoʻshimcha joylar ajratiladi va shu boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA