Rossiyalik shifokorlar Beruniy tumanida boʻldi

Koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikda ishlash uchun yurtimizga tashrif buyurgan rossiyalik mutaxassislarning bir guruhi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanida ham boʻldi.
Tuman hokimligi Axborot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, ular mahalliy hamkasblari bilan birgalikda tumanlararo COVID-19 tibbiy taqsimlash markazida davolanayotgan bemorlarni koʻzdan kechirdi va zarur tavsiyalarini berdi. Reanimatolog shifokor Vladimir Kukuyev va infeksionist shifokor Olga Xismatulina bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Taʼkidlanganidek, kasallikka qarshi kurashishda bir-birimizga yordam berishimiz virusning keng tarqalishining oldini olishi mumkin. Bunda toʻgʻri olib borilgan tushuntirish ishlari va maslahatlar ijobiy samara beradi. Rossiyalik mutaxassislar tibbiy taqsimlash markazida yaratilgan shart-sharoitlar va bu yerda mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining ishlarini alohida taʼkidladi.
Darhaqiqat, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlari mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolboʻyida ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Xususan, Beruniy tumanidagi 100 oʻringa moʻljallangan tumanlararo COVID-19 tibbiy taqsimot markazi barcha tibbiy standartlarga javob beradi.
Kasallikka chalingan bemorlarni davolashda saxovatpesha homiylarimiz ham oʻzlarining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Jumladan, shu kunning oʻzida tibbiy taqsimot markaziga tadbirkorlar tomonidan 10 dona kislorod konsentratori berildi. Bu esa markazda davolanayotgan bemorlarning tez orada tuzalib, oila davrasiga qaytishiga katta yordam beradi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA